Jahon | 23:32 / 10.12.2020
11776
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ramzon Qodirovga aloqador tashkilotlar va shaxslarga qarshi sanksiyalar kiritdi

AQSh “Magnitskiy qonuni” doirasida inson huquqlari buzilishi uchun Checheniston rahbari Ramzon Qodirovga aloqador bir qator tashkilotlar va shaxslarga qarshi sanksiyalar kiritdi. Ular orasida “Ahmat” futbol klubi va Ahmad Qodirov jamg‘armasi bor.

Foto: Vedomosti

Sanksiyalar ro‘yxatiga umumiy hisobda 13 shaxs, jumladan Checheniston rahbariyatining 3 a'zosi kiritilgan

Sanksiyalar ostiga Rossiya Milliy gvardiyasi boshlig‘ining Checheniston bo‘yicha o‘rinbosari Daniil Martinov, Checheniston bosh vaziri o‘rinbosari Vaxit Usmayev, Rossiya prezidentining Chechenistondagi doimiy vakili Ziyad Sabsabi, Ramzon Qodirovning ot sporti bo‘yicha shaxsiy murabbiysi Satish Simar (BAA fuqarosi) va Yevropadagi vakili Timur Dugazayev (Germaniya fuqarosi) tushgan.

Shuningdek, sanksiyalar ro‘yxatiga “Ahmat” jang va futbol klublari, Absolute Championship Akhmat promouterlik kompaniyasi Ramzon Qodirov bilan aloqaga egalik uchun, “Checheniston ma'danli suvlari” (“Chechenskiye mineralnyye vody”) va “MegaStroyInvest” kompaniyalari esa Ahmad Qodirov jamg‘armasi bilan aloqaga egalik uchun kiritilgan. 

Bundan tashqari, sanksiyalar ostiga Gaitining 3 nafar fuqarosi va yamanlik husiychilarga aloqador 5 kishi tushgan.

Ramzon Qodirovning o‘zi “Magnitskiy ro‘yxati” ga 2017 yilda inson huquqlarini buzish uchun kiritilgan. AQSh hukumati Qodirovni rossiyalik muxolifatchi Boris Nemsovning o‘ldirilishiga, odamlarni o‘g‘irlashga, qiynoqlarga aloqador deb hisoblaydi.

7 dekabrda Yevropa ittifoqi AQShning “Magnitskiy ro‘yxati” muqobilini tasdiqladi. Ushbu sanksiyalar ro‘yxati inson huquqlari qayerda buzilganidan qat'i nazar, sanksiyalar kiritish imkonini beradi. Hozircha ushbu ro‘yxatga hech kim kiritilmagan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid