O‘zbekiston | 09:14 / 10.12.2020
2442
3 daqiqa o‘qiladi

Rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish tartibi takomillashtiriladi - Hukumat qarori loyihasi

Rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsad qilingan.

Foto: Fotolia

Vazirlar Mahkamasining “Rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlanadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda to‘rt oy muddatda “E-App” ilovasi va “E-register” dasturini ishlab chiqadi.

Belgilanishicha, ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentga muvofiq ko‘rsatiladigan davlat xizmatidan foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali murojaat qiladilar.

Oliy sud, Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi:

ikki oy muddatda hozirgi kunga qadar mavjud bo‘lgan rasmiy hujjatlarni imzolash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslarning imzo namunalari, muhr va shtamplar izlarining “E-App” ilovasiga kiritilishini;

rasmiy hujjatlarni imzolash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar o‘zgargan taqdirda, ularning imzo namunalari, muhr va shtamplar izlarini “E-App” ilovasida doimiy ravishda yangilanib borilishini;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda davlat xizmati ko‘rsatishda ishtirok etadigan barcha bo‘linmalarining YaIDXPga ulanishini;

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda Davlat xizmatlari markazlarining xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentni amalda qo‘llashning samaradorligi va amalda qo‘llanilishi natijadorligi darajasini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv seminarlari tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda YaIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etadi.

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi:

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishining belgilangan tartibi bajarilishi yuzasidan ular faoliyati yuzasidan, shu jumladan, YaIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatadi;

davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha ma'muriy reglamentlarning talablarini buzganlik uchun davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan belgilangan tartibda ma'muriy jazolarni qo‘llaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid