07:52 / 06.12.2021
4926

Rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatish tartibi belgilandi 

Hukumat qarori bilan rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi 

Foto: accgroup

Rasmiy hujjatga apostil qo‘yish, murojaat etuvchining o‘z xohishiga ko‘ra, an’anaviy yoki elektron tarzda amalga oshiriladi. Murojaat etuvchi davlat xizmati olish uchun DXMga o‘zi kelib yoki YaIDXPda ro‘yxatdan o‘tgan holda elektron tarzda murojaat etadi.

So‘rovnoma to‘ldirilib, uni ko‘rib chiqish uchun tegishlicha yig‘im undiriladi: ta’lim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo‘yicha – BHMning 20 foizi miqdorida; adliya organlari va muassasalaridan hamda fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo‘yicha – BHMning 20 foizi miqdorida; boshqa hujjatlar bo‘yicha – BHMning 10 foizi miqdorida.

YaIDXP orqali murojaat etilganda, yig‘im summasining 90 foizi undiriladi. So‘rovnoma rasmiy hujjatlar taqdim etilgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

Quyidagilarga apostil qo‘yilmaydi: chet elda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan sodir etilgan rasmiy hujjatlarga; tijorat yoki bojxona operatsiyalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador bo‘lgan rasmiy hujjatlarga; O‘zbekiston fuqarolik pasportiga, identifikatsiya ID-kartasiga, harbiy biletga.

Rasmiy hujjatga apostil qo‘yish bilan bog‘liq barcha jarayonlar “E-App” va “E-register” dasturlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Shuningdek, quyidagi hollarda apostil qo‘yish rad etiladi: rasmiy hujjatda zarur rekvizitlarning hech bo‘lmaganda biri mavjud bo‘lmasa yoki mansabdor shaxslarning imzolari hamda muhr, shtamplarning haqiqiy emasligi aniqlansa; rasmiy hujjatni imzolagan mansabdor shaxs uni imzolash vakolatiga ega bo‘lmasa.

Mazkur tartib 2022 yil 1 martdan amalga kiritiladi.

Top