12:55 / 12.12.2020
3748

2020 yilgi davlat xarajatlari 42 foizga ortgani ma'lum qilindi

Moliya vazirligi huzuridagi Budjet-soliq tadqiqotlari instituti direktori Jahongir Nig‘matov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu yilgi davlat xarajatlari kutilganidan 42 foizga ortiqni tashkil qilayotganini aytdi.

«Pandemiya davri bizga ko‘p narsani o‘rgatdi. Ayniqsa, qaysi sohalarga qanday xarajat qilishimiz kerakligini tushunib yetdik. Masalan, avval biz kutmagan natijalardan biri — pandemiya paytida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi soni ancha ko‘payib ketdi. 

Agar raqamlarga to‘xtalsak, budjet parametrlari 2,08 trln so‘m tasdiqlangan bo‘lsa, kutilayotgan xarajatlar miqdori 4 trln bo‘lib ketdi. Ya'ni, xarajatlar 42 foizga oshdi», — dedi institut direktori. 

Shuningdek, mutasaddi sug‘urta bozorini rivojlantirish borasida kutilayotgan yangiliklar haqida ham to‘xtalgan. 

«Hozirda sug‘urta bozorini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Buning bajarilishi oxiriga yetib qoldi. Bunda ikkita eng asosiy narsa nazarda tutilgan. Birinchidan, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda majburiy tibbiy sug‘urta sohasini rivojlantirish ishlarini olib boryapmiz. Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligi sohasida sug‘urtalash tizimini yo‘lga qo‘ymoqdamiz. 

Pandemiya davrida sug‘urta bozorini rivojlantirish doirasida qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash juda zarurligi ma'lum bo‘ldi. Bu bugungi kunda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan indeks sug‘urtasini rivojlantirish orqali amalga oshirilmoqda», — deya Jahongir Nig‘matov so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top