Sport | 17:24 / 12.12.2020
29321
5 daqiqa o‘qiladi

Madrid va Manchesterda derbi, Italiyada Shomurodov Ronalduga qarshi. Haftaning eng muhim 4 o‘yini

Yevrokuboklarda guruh bosqich yakuniga yetib, endi jamoalar bahorgacha bor e'tiborlarini milliy chempionatdagi o‘yinlariga qaratishadi. Dam olish kunlarida futbol ixlosmandlarini bir qator ajoyib o‘yinlar kutib turibdi.

APL. «Manchester derbisi» va Anchelotti «Chelsi»ga qarshi

«Manchester Yunayted» Chempionlar ligasini tark etdi endi Yevropa ligasi g‘olibligi uchun kurashadi. «MYu» uchun YeChL bilan xayrlashishdan ham ko‘ra og‘riqliroq nima bo‘lishi mumkin? To‘g‘ri, derbida «Manchester Siti»ga mag‘lub bo‘lish. YeChLdagi muvaffaqiyatsizlikni tezroq unutish uchun-chi? To‘g‘ri, derbida «Manchester Siti»ni mag‘lub etish. Shanba oqshomida Sulsher muxlislar ishonchini qaytarishga urinadi. Manchester klublari mavsum davomida turnir jadvalida ham doimo yonma-yon borishmoqda. «Yunayted» 19 ochko bilan 7-o‘rinda bo‘lsa, «Siti» 18 ochko bilan 8-pog‘onada. Ushbu bahsdagi g‘alaba jamoalardan biriga kuchli to‘rtlikka qaytishga yordam bersa, zaxira o‘yindagi bahs klublarga yetakchilar qatoriga qo‘shilishiga umid beradi.

12 dekabr (shanba)

Angliya Premer-ligasi. 12-tur.

MANCheSTeR YuNAYTeD – MANCheSTeR SITI

O‘yin boshlanish vaqti: 22:30
TV-translatsiya: FutbolTV.

Italiyalik mutaxassis Karlo Anchelotti bu turda sobiq jamoasi «Chelsi»ni mag‘lub etishga urinadi. «Everton» mavsumni ko‘tarinki ruhda boshlab, yaqqol peshqadamga aylanib olgandi. Ammo liverpulliklar so‘nggi 7 o‘yinda bor yo‘g‘i bitta g‘alabaga erishib, 9-o‘ringa tushishdi. Lempard qo‘l ostidagi «Chelsi» esa APL va YeChLda qator g‘alabalarga erishib, peshqadamlar qatoridan joy olgan. «Aristokratlar» turnir jadvalida kuchli uchlikdan chiqib ketmaslik uchun ham «Gudison Park» stadioniga faqat uch ochko ilinjida yo‘l olishadi.

12 dekabr (shanba)

Angliya Premer-ligasi. 12-tur.

EVeRTON – CheLSI

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00
TV-translatsiya: FutbolTV

La Liga. «Real» mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan «Atletiko»ni to‘xtata oladimi?

«Manchester derbisi» singari haftaning yana bir markaziy to‘qnashuvi Piriney yarim orolida kechadi. Amaldagi chempion «Real» Ispaniyada bu yilgi chempionlik uchun asosiy da'vogarga aylangan «Atletiko»ni qabul qiladi. La Ligada hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan Diyego Simeone shogirdlari 26 ochko bilan turnir jadvalida karvonboshchilik qilayotgan bo‘lsa, Madridning ikkinchi klubi bo‘lib turgan «Real» 6 ochko kam jamg‘arib 4-o‘rinda joy olgan. «Madrid derbisi» ikki klub uchun ham juda muhim ahamiyatga ega. Barqaror o‘yin namoyish eta olmayotgan Zidan jamoasi «Atletiko»ga imkoniyatni boy bersa, Suares jamoadoshlari 9 ochkolik farq va bitta o‘yin zaxirasi bilan chempionlik uchun yaqqol da'vogarga aylandi. Shu bois «qirollik klubi» La Ligadagi intrigani saqlab qolishga intiladi.

12 dekabr (shanba)

La Liga. 13-tur.

ReAL – ATLeTIKO

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00
TV-translatsiya: UzReportTV

A Seriya. «Jyenoa» - «Yuventus», Shomurodov Ronalduga qarshi

Krishtianu Ronalduning Italiyaga ko‘chib o‘tgani muxlislarning bu chempionatga nisbatan e'tiborni qanchalik oshirgan bo‘lsa, Eldor Shomurodovning A Seriyada faoliyat boshlashi ham o‘zbekistonlik futbol ixlosmandlarining chempionatga nisbatan qiziqishini karrasiga oshirdi. Intiqlik bilan kutilayotgan «Jyenoa» - «Yuventus» bahsi oldidan ikki jamoa ikki xil holatda. 18-o‘rindagi Genuya klubi xavfli zonani tark etish ilinjida bo‘lsa, 5-pog‘onadagi Turin jamoasi tezroq peshqadamlar safiga qaytish harakatida. Bu bahsda Ronaldu jamoasi yaqqol favorit ekanligi aniq, ammo mehmonlarning A Seriya doirasidagi safardagi natijasi Shomurodov to‘p surayotgan jamoaga umid bag‘ishlashi mumkin - «Yuventus» bu mavsumda mehmonda faqat bitta bahsda g‘alaba qozondi, qolgan 4 o‘yinda ochko yo‘qotdi. Umid qilamizki, shu kuni hamyurtimiz Eldor Shomurodov amaldagi chempionga qarshi maydonga tushadi.

13 dekabr (yakshanba)

Italiya A Seriyasi. 11-tur.

JYeNOA – YuVeNTUS

O‘yin boshlanish vaqti: 22:00
TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV.

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid