20:34 / 17.12.2020
4429

O‘zbekistonda dializ xizmatlarini ko‘rsatish loyihasi ishga tushirildi

«O‘zbekistonda yuqori sifatli dializ xizmatlarini ko‘rsatish» DXSh loyihasi uchun Hindistonning «NephroPlus» kompaniyasi tender asosida tanlab olindi.

Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

17 dekabr kuni Moliya vazirligida yuqori sifatli dializ xizmatlarini ko‘rsatish uchun xususiy sherikni tanlash bo‘yicha xalqaro tender g‘olibi e'lon qilindi.

Tenderga uchta yirik dializ kompaniyalaridan takliflar tushgan. Eng yaxshi moliyaviy taklifni kiritgan Hindistonning «NephroPlus» kompaniyasi g‘olib deb topildi.

Endilikda ushbu kompaniya O‘zbekistonda birinchi marta peritoneal dializni uyda davolash amaliyotini joriy etadi.

Gemodializ bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) loyihasi doirasida mingdan ortiq bemorlarga dializ xizmatlarini ko‘rsatish uchun Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 4ta dializ klinikasi faoliyati tashkil etiladi.

«NephroPlus» bilan DXSh shartnomasi 30 kun ichida imzolanadi.

Tadbirda qatnashgan moliya vaziri Timur Ishmetov sog‘liqni saqlash sohasidagi DXShning ahamiyatiga to‘xtaldi.

«Aholiga har qanday xizmat turi kabi sog‘liqni saqlashda sifatli va yetarli miqdorda xizmatlar ko‘rsatish uchun bu sohaga ham xususiy sektorning sarmoyasini jalb qilmasdan iloj yo‘q. Davlat va xususiy sarmoya o‘rtasidagi davlat xususiy sherikchilik mexanizmi O‘zbekistonda resurslar cheklagan sharoitda juda ham o‘rinli bo‘ldi.

Bugun sog‘liqni saqlash sohasiga ham davlat sherikchilik mexanizmi kirib kelishining birinchi qadami qo‘yildi. Buning eng muhim tomoni shundaki, loyihada buyurtmachi ham, bajaruvchi ham birdek manfaat ko‘radi», – dedi Ishmetov.

Loyihani ishlab chiqishda Moliya va Sog‘liqni saqlash vazirliklariga Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘mak berdi.

«Ushbu loyiha nafaqat bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga, balki ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qolishga, surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarning sifatli davolanishiga yordam beradi», – dedi XMKning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Vibke Shlemmer.

Qayd etish lozim, mazkur loyiha doirasida O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda birinchi marta davlat arizalarni qabul qilish va tender o‘tkazish uchun elektron platformadan foydalandi.

Ma'lumot uchun, Moliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ikkita yangi maslahat shartnomasini tuzgan. Shartnoma asosida, XMK bilan hamkorlikda O‘zbekistonning uchta mintaqasida saratonga chalingan bemorlar uchun nurlanish terapiyasini taqdim etadigan kasalxonani moliyalashtirish, qurish, jihozlash, tibbiy xodimlarni ishga qabul qilish va o‘qitish loyihasi amalga oshiriladi.

Top