Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda tadbirkorlardan Bosh vazir qabulxonalariga 6 176 ta murojaat tushgan. Chiroqchi EIZda birorta loyiha amalga oshirilmagan
Bugun Qashqadaryoda xalq deputatlari viloyat kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev 2020 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda kelgusi 2021 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar yuzasidan viloyat aholisiga murojaat qildi. Sessiyada qatnashgan Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, viloyat hokimining murojaati ancha tanqidiy ruhda bo‘lgan.
Zoyir Mirzayev o‘z murojaatida bir qator sohalardagi oqsashlar haqida gapira turib, viloyatda tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarga ham to‘xtalib o‘tgan. Viloyat hokimining ma'lum qilishicha, o‘tgan 11 oy mobaynida Bosh vazir qabulxonalariga qashqadaryolik tadbirkorlardan 6 176 ta murojaat kelib tushgan.
Qayd etilishicha, tadbirkorlar bildirgan muammo va masalalardan aksariyati ko‘rib chiqilgan va hal etilgan. Ammo hal bo‘lmay qolgan muammolar ham talaygina. Ayniqsa, tadbirkorlar tomonidan ular o‘z faoliyatini boshlash yoki kengaytirish uchun yer maydonlari so‘ralgan murojaatlarning aksariyati yechimsiz qolib ketgan.

Shuningdek, tadbirkorlar bo‘sh yer va bino ajratish, muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, kredit olish va garov ta'minoti, mansabdor shaxslarning harakati va harakatsizligi ustidan ko‘p shikoyat qilgan.
Viloyatda tadbirkorlarni qiynayotgan asosiy muammo – yer ajratish masalasi bo‘yicha Yakkabog‘ tumanida 158 ta (murojaatlarning 37 foizi), Kasbi tumanida 131 ta (murojaatlarning 28 foizi), Qamashi tumanida 126 ta (murojaatlarning 28 foizi), Mirishkor tumanida 93 ta (murojaatlarning 25 foizi), Shahrisabz tumanida 109 ta (murojaatlarning 24 foizi) murojaat ijobiy hal qilinmagan.

Bundan tashqari, viloyat hokimi 2019 yilda tashkil etilgan Chiroqchi erkin iqtisodiy zonasi bilan bog‘liq muammolarni sanab o‘tgan.
«Chiroqchi erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilish 2019 yilda boshlangan bo‘lsa-da, shu kungacha birorta arzirli loyiha taklif etilmagan, ish boshlanmagan.
Kichik sanoat zonalarida 62 ta lot hanuzgacha loyiha tashabbuskorlariga berilmagan. Sanoat zonalaridagi, Kitob tumanida 3 ta, Qarshi tumanida 2 ta, Shahrisabzda 1 ta korxona 1 yildan buyon faoliyatini to‘xtatgan.
Oqibatda, 9,1 mlrd so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilmadi, 24,3 mln so‘mlik soliq tushmadi, 54 ta ish o‘rni yaratilmadi. Lot ajratib berilganiga bir yildan oshganiga qaramay, 103 mlrd so‘mlik 15 ta loyiha ishga tushirilmagani uchun 235 ta ish o‘rni yaratilmasdan qoldi», – degan viloyat hokimi.
Zoyir Mirzayev o‘z murojaatida viloyatda tadbirkorlar bilan bog‘liq yana bir muammo – turli korxonalarning yashovchanlik ko‘rsatkichi ham qoniqarsiz ahvolda qolayotganini ma'lum qilgan. Uning aytishicha, iqtisodiyotda mavjud korxonalarning 10-12 foizi faoliyat ko‘rsatmasligi normal holat hisoblanadi. Qashqadaryoda esa joriy yil 1 dekabr holatiga ko‘ra, 4 343 ta yoki ro‘yxatdan o‘tgan kichik biznes sub'yektlarining 17 foizi faoliyat ko‘rsatmagan.
Jumladan, Qamashida 26 foiz, Qarshida 25 foiz, Muborakda 25 foiz, G‘uzorda 24 foiz kichik biznes sub'yektlari o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
Mavzuga oid
19:37 / 04.06.2026
Qashqadaryolik eshak go‘shti savdogari: u uch oyda ikki bor sudlandi
08:29 / 26.05.2026
Qashqadaryoda IIB xodimi pora bilan ushlandi
19:41 / 20.05.2026
Qashqadaryoda 25 yoshli yigit sel oqizib ketishi oqibatida halok bo‘ldi
11:45 / 18.05.2026
