O‘zbekiston | 14:47 / 19.12.2020
17509
4 daqiqa o‘qiladi

Tuman va shaharlardagi ma’muriy sudlar tugatilmoqda. Oliy sud raisi buning sababini tushuntirdi

Senatning o‘ninchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida beshta qonun muhokama qilindi.

Foto: Kun.uz

Muhokamalar davomida senator Oliy sud vakiliga «Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks»ga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar tuman, shahar ma’muriy sudlarini tugatib, har bir viloyatda, viloyat markazlarida bittadan tumanlararo ma’muriy sud tashkil etilishini nazarda tutmoqda. Bu ma’muriy sudlarga murojaat etuvchi fuqarolarga noqulayliklar tug‘dirmaydimi?», degan savol bilan murojaat qildi.

Oliy sud raisi Kozimjon Komilov bunga quyidagicha javob berdi: «Bizda ma’muriy sudlar 2017 yil 1 iyundan paydo bo‘lgan. Oddiy qilib aytganda, ma’muriy sud fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni hal qilishi kerak. O‘sha paytda qabul qilingan qonunda ma’muriy sudlarga ikkita vazifa yuklatilgan: ma’muriy huquqbuzarlik va ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadi. Ya’ni, bu vazifalar tabiatan bir-biriga qarama-qarshi. Mana shu uch yarim yil davomida ma’muriy sudlar o‘zining kerak ekanini isbotladi. Ommaviy huquqiy munosabatlar ko‘rib chiqilgan 68 foiz holatda fuqarolar yutdi. Demak, bu sud yashash huquqiga ega.

1 yanvardan ma’muriy sudlar saqlab qolingan holda yanada ixtisoslashtirilyapti. Ya’ni, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish uchun maxsus ixtisoslashtirilgan sud alohida ajratib olinadi, ma’muriy huquqbuzarlik esa o‘zining tabiatiga yaqin bo‘lgan jinoyat sudlariga qaytariladi. Chunki ma’muriy huquqbuzarlikning bir qadami jinoyat. Bunday ishlarning jinoyat sudida ko‘rilishi o‘sha tumandagi har bir holatni monitoring qilishga, jinoyatchilikning oldini olishga qulay bo‘ladi.

Bu borada xavotirga o‘rin yo‘q. Viloyat markazlarida va viloyat sudlarida ma’muriy sudlar alohida tashkil qilyapmiz. Bu ularga qanday imkoniyat beradi? Avvalo markazda bo‘lgani sabab ortiqcha aralashuv cheklanishiga erishiladi.

Axborot texnologiyalari yordamida 1 oktyabrdan boshlab fuqaro sudga umuman kelmasdan turib ishini ko‘rishi mumkin. Ya’ni, u elektron shaklda ariza berishi mumkin va arizaga javob beriladi. Fuqaro ishning tayinlangan kunini elektron shaklda oladi, tayinlangan kun grafigini ham ko‘rib turishi mumkin, shuningdek, uyidami, idorasidami o‘tirib, sud majlisida ishtirok etishi mumkin. 1 oktyabrdan mobil videokonferensiya ishga tushdi. Kecha o‘zim ham bitta protsessni ko‘rdim: oilaviy nizo bo‘yicha ish Samarqandda ko‘rilyapti, javobgar Londonda. Zarurat bo‘lsa, hamma texnik vositalar, transportimiz bor, ishlarni joyida ham ko‘rish imkoniyatimiz bo‘ladi.

2022 yil 1 yanvardan davlat idoralari, advokatlarga faqat elektron tartibda ariza berish majburiyati yuklanadi. Fuqarolar uchun esa ixtiyoriy. Hozir ham 50 foiz arizalar elektron tartibda kelyapti. Pandemiya buning hayotiy ekanini ko‘rsatib berdi. Hatto ishni ko‘rib bo‘lgandan keyin u kishining iltimos bo‘yicha o‘zimiz ham ijro varaqani elektron jo‘natib yuborishimiz mumkin. Shuning uchun bu masalada xavotirga o‘rin yo‘q», deb Oliy sud raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senat raisi Tanzila Norboyeva Kozimjon Komilovning so‘zlariga munosabat bildirib, joylarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining sifatli joriy qilinishini ta’minlash kerak bo‘lishini aytdi.

Mavzuga oid