“Komilovning ishdan olinishini ko‘pchilik kutgandi” - faollar sudlar faoliyati haqida
Oliy sud raisi Kozimjon Komilov Prezident administratsiyasidagi o‘zgarishlar ortidan ishdan olingan eng yuqori lavozimli mulozim bo‘ldi. Tahlilchilarga ko‘ra, bunga odamlarning sud organlaridan noroziliklari oshib borayotgani ham sabab bo‘lgan.
Kun.uz jamoatchilik faollari ishtirokida sud tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar, shuningdek, tizimdagi muammolar yuzasidan tahliliy suhbat o‘tkazdi.
Kozimjon Komilov Oliy sud raisi lavozimiga qayta saylanganidan 2 oy o‘tib, ishdan olindi. Endi u Konstitutsiyaviy sudda sudyalik qiladi.
Xo‘sh, Komilov ikki oy avval Oliy sud raisligiga nega tayinlangandi-yu, 10 avgust kuni yana nega ishdan olindi?
Bunga rasman aytilganidek, Komilovning sog‘lig‘idagi muammolar sabab bo‘lsa, u qanday qilib nufuz jihatidan Oliy suddan yuqoriroq bo‘lgan Konstitutsiyaviy sudda sudyalik qiladi?
Odamlarda-chi, ularda sudlar faoliyatiga nisbatan e’tirozlar, noroziliklar nega bunchalik ko‘p?
Kun.uz muxbiri Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev, Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov va advokat Jahongir Mutalipov ishtirokida sud hokimiyati va yuqoridagi vaziyat tahliliga bag‘ishlab intervyu o‘tkazdi.
— Kozimjon Komilovning Oliy sud raisligiga qayta saylanganiga ko‘p vaqt bo‘lmagandi. Xo‘sh, bu lavozim o‘zgarishni qanday tushunish kerak?
Rasul Kusherbayev:
— Bu o‘zgarish shaxsan men uchun ham yangilik bo‘ldi. Rosti, Kozimjon Komilov ikki oy avval lavozimga qayta saylangach, bu sohada o‘zgarishlar bo‘lishiga qiziqishim qolmagandi. Ishlar avvalgiday bir me’yorda ketsa kerak, degan fikr bor edi. Bu qandaydir kutilmagan qadam bo‘ldi.
Albatta, menda bu borada aniq faktlar yo‘q, lekin fikrimcha, bu so‘nggi vaqtlarda yuqori rahbariyatda bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan bevosita bog‘liq. Nima bo‘lganda ham bu o‘zgarishdan yomonlik emas, ko‘proq ijobiy ma’no qidirishga harakat qilyapmiz. Qisqa vaqtda esa aytilayotgan fikrlar, umidlar o‘zini qanchalik oqlashini ko‘rishimiz mumkin.
Abdurahmon Tashanov:
— So‘nggi ikki oy bizda o‘zgarishlar davri bo‘lyapti. Konstitutsiya islohoti, Qoraqalpog‘istondagi voqealar va umuman, odamlar bilan qanday gaplashish kerak, ularga nima deyish, ularning huquqlari borasida nimalar bo‘lishi kerak, degan savol paydo bo‘ldi. Bu savol esa hukumatni ancha hushyor torttirdi.
Men kichik bir nodavlat tashkilotimiz o‘tkazgan monitoring natijalaridan kelib chiqib, aytishim mumkinki, odamlarda sudlar faoliyatidan norozilik, g‘azab nihoyatda kuchli. Men ikki oy avval Kozimjon Komilovning uchinchi muddatga saylanishidan hatto hayron bo‘lgandim.
Bu odamning ishdan bo‘shatilishi bir tomondan kutilmagan, ikkinchi tomondan esa kutilgan ish edi. Chunki norozlik ko‘lami juda katta edi.
Qaytaraman, Komilov o‘sha paytda noto‘g‘ri saylangandi. Odamlar o‘sha paytda Komilov ishdan olinishi va o‘zgarishlar boshlanishini kutgandi. Afsuski, o‘zgarish bo‘lmagandi. Hechdan ko‘ra kech, deyishadi. Mana, hozirgi o‘zgarishlar ko‘pchilik qatori bizni ham xursand qildi. Bunday bo‘lmasa, soha jiddiy noroziliklarga to‘lib ketgandi.
Jahongir Mutalipov:
— Esingizda bo‘lsa, 2017 yilda prezident barcha sudyalarni yig‘ib, katta yig‘ilish o‘tkazgan edi. O‘sha paytda ham Komilovning faoliyatiga yaxshi baho berilmagan. Ya’ni prezident unga qarata “hamma qilib yurgan ishlaringni bilaman, noinsof”, degandi.
Sud bugungi kunda nihoyatda achinarli ahvolda.
Shuningdek, fuqarolarni ma’muriy javobgarlikka tortish sudlarda ish hisoblanmay qo‘ydi. Sudlarda buning mas’uliyati borligi, ertaga javob berishi mumkinligi fikri yo‘q bo‘lib qoldi. Sudni onlayn o‘tkazadi, ayblanuvchini eshitmaydi, bo‘ldi, senga 15 sutka jarima. Bu holatlardan odamlarning paymonasi to‘ldi.
Sudyaning vazifasi ayblovchi va himoyachining fikrini eshitib, kimning dalili kuchli, kimning dalili to‘g‘riligiga qarab xulosa chiqarish. U kimnidir aybdor deb xulosa chiqarish uchun barcha dalillarni diqqat bilan tekshirishi kerak.
Bitta uchastka nozirining chalasavodlarcha yozgan ma’lumoti sudda o‘tib ketaversa, bilmadim, u qanday sud bo‘ladi.
O‘ylashimcha, Qoraqalpog‘istondagi voqealarning bir uchi ham aynan sudlar faoliyatidagi bugungi ahvol. Ijtimoiy kayfiyat bu. Ijtimoiy kayfiyatni esa sud shakllantiradi, chunki adolat bor degan joyda ham sudni ayta olasiz, adolat yo‘q degan joyda ham sudni ayta olasiz.
Komilov, menimcha, ko‘p ogohlantirilgan bo‘lsa kerak. Chunki rahbarlar ham xalqning noroziligidan manfaatdor emas. Lekin so‘nggi ikki oyda sudlarda ahvol yomonlashsa yomonlashdiki, yaxshilanmadi.
To‘g‘risini aytsam, ikki oy avval ham men Komilovning saylanmasligini kutgandim. Endi ishdan olinishi esa taktik yurishlardan biri bo‘lsa kerak. Qoldirish rejada bo‘lmagan-u, ikki oydan keyin unga ta’sir qilsin, deya o‘ylangan bo‘lishi mumkin.
Hozir ko‘chaga chiqing-da, istalgan odamdan so‘rang, u suddan norozi.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Intervyu 12 avgust kuni yozib olindi.
Intervyuni Ilyos Safarov o‘tkazdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.
Mavzuga oid
13:26 / 12.10.2024
7,5 yil qamoq va davlat foydasiga 56 mlrd so‘m – Qoraqalpog‘istonda noqonuniy lotereya o‘tkazgan shaxslarga hukm o‘qildi
16:52 / 04.10.2024
Namangan viloyat sudi raisi o‘rinbosari fuqaroning uyini soxta hujjatlar bilan o‘z nomiga o‘tkazib, sotib yuborgani aytilmoqda
13:10 / 03.10.2024
YeI sudi RF hukumati va firmalariga yuridik yordam ko‘rsatish taqiqlanganini tasdiqladi
11:51 / 01.10.2024