20:25 / 21.12.2020
2208

SSV: 2020 yilning 11 oyi davomida «tez yordam» xizmatiga 10 milliondan ortiq murojaat kelib tushgan

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi O‘zbekistonda joriy yilning 11 oyida tez tibbiy yordamga bo‘lgan murojaatlar soni 2019 yilning 12 oyidagidan ko‘proq bo‘lganini ma'lum qildi.

«Mamlakatimizda shakllangan shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmatining inson hayoti va salomatligini asrashdagi o‘rni nihoyatda muhim. 2019 yilda yil davomida «103» xizmati 10 millionga yaqin chaqiriqni qabul qilgan bo‘lsa, bu yilning 11 oyi davomida bu ko‘rsatkich 10 milliondan oshdi.

Shundan ushbu yilda eng ko‘p chaqiriqlar Farg‘ona, Andijon, Toshkent viloyatlari va poytaxtimizda (1 milliondan ortiq) kelib tushgan bo‘lib, eng kam murojaat Navoiy viloyatida (297 mingdan ortiq) kuzatilgan.

Bu yilgi murojaatlar soni sezilarli oshganligini pandemiya sharoiti bilan bog‘lash mumkin. Chunki karantin davrida Covid-19’ni yuqtirish xavfi tufayli uydan chiqishni afzal ko‘rmaganlarning aksariyati «tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qilishdi.

Qolaversa, shoshilinch yordam ko‘rsatish xizmatlari tizimida sall-markazlar tashkil etilib, u yerda shifokorlar ham faoliyat yuritishi va lozim bo‘lganida bemorlarga «tez yordam» mashinasi yetib kelgunicha telefon orqali konsultatsiya qilib, uning yonidagi insonga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berib, bemorning hayotini qutqarib qolishga ko‘maklashishi aholi salomatligini muhofazalashda muhim omil bo‘lmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Top