O‘zbekiston | 23:11 / 22.12.2020
14007
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud raisi o‘rinbosari sud qarori ustidan kassatsiya shikoyati keltirish huquqi cheklanishi oqibati haqidagi savolga javob berdi

Oliy sud raisi o‘rinbosarining aytishicha, respublika sudlari qabul qilgan qarorlarning 3,4 foiziga apellyatsiya va kassatsiya tartibida shikoyatlar keltirilmoqda.

22 dekabr kuni Oliy sud tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Senat yalpi majlisida ma'qullangan sud-huquq sohasiga oid qonunlarning mazmun-mohiyati tushuntirilib, jamoatchilikni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Jumladan, Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov Kun.uz muxbirining sud qarori ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berishni cheklovchi yangi tartib joriy etilishi apellyatsiya tartibidagi shikoyatlar sonini oshirib yuborishi ehtimoli haqidagi savoliga javob qaytardi.

«Bugungi kunda respublika sudlari qabul qilgan qarorlarning 3,4 foiziga apellyatsiya va kassatsiya tartibida shikoyatlar keltirilmoqda. Agarda fuqaro unga nisbatan chiqarilgan qarordan norozi bo‘lsa, apellyatsiya tartibida shikoyat keltirishi mumkin. Agar fuqaro sud qaroridan rozi bo‘lsa, apellyatsiya tartibida shikoyat keltirmasligi mumkin. Agar undan keyin yangi ochilgan holat asosli bo‘ladigan bo‘lsa yoki muddatni tiklash uchun asoslar keltiriladigan bo‘lsa, shikoyat qilish muddati tiklab beriladi va ish apellyatsiya tartibida ko‘rilishi mumkin bo‘ladi. Bu bo‘yicha hali Oliy sud plenumi qarorida keng tushuntirishlar berib o‘tamiz.

O‘ylaymanki, bu jarayonda biror-bir fuqaroning huquqlari poymol qilinmaydi va ish bo‘yicha keltirilgan barcha shikoyatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqiladi», dedi Oliy sud raisi o‘rinbosari.

19 dekabr kuni Senatning o‘ninchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida beshta qonun muhokama qilinib, ma'qullangan edi.

Senat yalpi majlisidan oldinroq ham muhokama qilinishi kutilayotgan qonunlar ayrim jihatlari bo‘yicha jamoatchilikda norozilik uyg‘otgandi. Xususan, Kun.uz saytida «Deputatlar sud qarori ustidan kassatsiya shikoyatini keltirish huquqini cheklovchi qonunlarni qabul qildi. Bundan maqsad nima?» sarlavhali maqola e'lon qilingan, unda Qonunchilik palatasi qabul qilgan va ma'qullash uchun Senatga jo‘natilgan qonunlarda endilikda shaxsning sud qarori ustidan kassatsiya shikoyati keltirish huquqi cheklanishi ehtimoli borligi haqida aytilgandi.

18 dekabr kuni Davletovuz kanali muallifi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirib, ayrim qonun loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmasligiga e'tiroz bildirgandi.

Mavzuga oid