Jamiyat | 19:11 / 27.12.2020
20963
6 daqiqa o‘qiladi

Birgina qayd asiri: Urgutda 34 yildan beri yashab, fuqarolik pasporti ololmayotgan 8 bolaning onasi

Urgut shahri «Katta Torinjak» mahallasida istiqomat qilayotgan Malika Raupova 1968 yilda Dushanbeda tug‘ilgan. U tug‘ilib o‘sgan shahriga bormaganiga 30 yil bo‘ldi. Chunki pasporti yo‘q.

Urgut — Samarqand viloyatining Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh tumani. Azaldan ikki qardosh yurt o‘rtasida qiz olib, qiz berishlar, bordi-keldi, quda-andachilik yo‘lga qo‘yilgan.

Malika Raupovaning ham asli kelib chiqishi Urgutning «Ispanza» mahallasidan. Ota-bobolari Dushanbega ko‘chib ketgan va u o‘sha shaharda tug‘ilgan. Bolaligidan Urgutga — qarindoshlarinikiga mehmonga kelib yurib, 18 yoshida baxtini shu yerda topgan...

8 farzandning onasi Malika Raupova

Urgutga kelin bo‘lib tushganiga o‘ttiz to‘rt yil bo‘lgan, sakkiz farzandning onasi Malika opa hanuz fuqarolik pasportiga ega emas. U turmush o‘rtog‘i Azim Raupov bilan 1986 yili Dushanbe shahrida rasmiy nikohdan o‘tishgan. O‘shanda u qizlik familiyasi Muxtorovani erining familiyasi — Raupovaga almashtirgan.

Malika Raupovaning turmush o‘rtog‘i Azim Raupov
«1986 yildan buyon u mening rafiqam ekanligi pasportimda ham qayd etilgan», deydi Azim Raupov.

«O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida»dagi qonunga ko‘ra, 1992 yilgacha boshqa davlatlardan O‘zbekiston hududiga kirib kelganlargagina fuqarolik beriladi.

Urgut tuman IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sherzod Halimovning bildirishicha, tumanda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni 800dan ortiq ekan. Birgina 2020 yilning o‘zida bunday fuqarolarning 80 nafari fuqarolikka qabul qilinmoqda.

Urgut tuman IIO FMB M va FRB boshlig‘i, podpolkovnik Sherzod Halimov

Ma'lum bo‘lishicha, Malika opaning esa shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qotilgan. Uning o‘zi sobiq ittifoq davrida, 1990 yilgacha Dushanbedan pasportini doimiy propiskadan chiqarib kelganligi, biroq turli sabablar bilan Urgutga doimiy qaydga tirkay olmaganligini aytib o‘tdi. Bugungi kunga kelib shaxsini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lmagan ona 9 yoshli nogiron kenjatoyi Xondamirga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma ham rasmiylashtira olmayapti.

Yo‘qotilgan ayrim hujjatlar, jumladan, o‘zining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi va nikoh guvohnomasi Tojikistonda qayta tiklangan, biroq fuqarolik berilishi uchun bosh asos — qishloq kengashi jurnalida propiska qayd etilmagan. Busiz fuqarolik pasporti berishning imkoni yo‘q.

M.Raupovaning Tojikistonda tiklab berilgan tug‘ilganlik va nikoh haqidagi guvohnomalari

Holbuki, Malika opa 34 yildan buyon shu qishloqda istiqomat qilayotganini yoshi katta har bir torinjaklik tasdiqlaydi.

Urgut shahar «Katta Torinjak» MFY raisining o‘rinbosari A'zam Salohiddinov M.Raupova SSSR vaqtida kelin bo‘lib tushib kelganini tasdiqlab, bu oilaning barcha a'zolari mahalla ro‘yxatida qayd etilganini ta'kidlab o‘tdi.

«Katta Torinjak» MFY raisining o‘rinbosari A'zam Salohiddinov

Bu orada Raupovlar oilasida farzandlarining yetti nafariga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma berilgan – er-xotinning nikoh guvohnomasiga asosan. Ular O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari. Biroq kenjatoyi, nogiron Xondamirga tug‘ilganlik haqida guvohnoma olish va uni davolatish uchun onasining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini talab qilib qolishgan. Hujjatsiz Xondamir esa hozir maktabga ham bormaydi, uyida ham o‘qitilmaydi. Boz ustiga, uni davolatish ham kerak.

Malika Raupova nogiron kenja farzandi Xondamir bilan

Ayolning o‘zi bir vaqtlar jamoa xo‘jaligida mehnat qilgan. Turmush o‘rtog‘i ham ayni vaqtda ishsiz. Tomorqada tok yetishtirib, mayiz qilib ro‘zg‘or tebratishadi. Halol mehnat ortidan olti o‘g‘il va ikki qizdan uch nafarini uyli-joyli qilishdi, bir qizni uzatishdi.

Urgut tuman Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida bo‘lim boshlig‘i Sherzod Halimov Malika opani shaxsan qabul qilib, vaziyatni tushuntirdi. Malika Raupovaga Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi rasmiylashtirib beriladigan bo‘ldi.

Bo‘lim boshlig‘i unga fuqaroligi yo‘q shaxs guvohnomasi bilan faqat saylanish va saylash huquqidan foydalana olmasligini bildirganida, 8 farzandning onasi shu paytgacha birorta saylovdan qolib ketmagani, doimo saylovlarga taklifnoma olgani va ularda ovoz berib qatnashib kelganini ta'kidladi.

Malika Raupova o‘zini ich-ichidan O‘zbekiston fuqarosi sanaydi. Tojikistonda berilgan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasida ham, nikoh guvohnomasida ham uning millati o‘zbek ko‘rsatilgan. Lekin u sobiq ittifoq davrida berilgan fuqarolik pasportini qayddan chiqarib, yo‘qotib qo‘ygan. Uning 34 yillik turmush o‘rtog‘i shu yerda. 8 farzandi shu zaminda tug‘ilgan. Endi o‘zi fuqarolikdan benasib.

Hujjatsiz ona nogiron farzandiga ham hujjat ololmayapti

Chunki O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari, belgilangan tartib-qoidalar bunga izn bermaydi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.

Mavzuga oid