HETKdan klasterga: Farg‘onada elektr tarmoqlari korxonasi nimalar ishlab chiqarmoqda?
O‘zbekistonda kuz-qish mavsumlari energetika tizimidagi muammolar bilan o‘tadi. Bunda aholidan eng ko‘p shikoyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga bo‘ladi.
O‘z navbatida, bu korxonalar iste'molchilarga o‘zlarida mavjud resursnigina yetkazib bera olishini, energiya yetishmovchiligi «Issiqlik elektr stansiyalari» va «Milliy elektr tarmoqlari» kompaniyalari bilan ham bog‘liqligini eslatadi.
Ammo Farg‘ona viloyati HETK misolida ko‘rish mumkinki, hududiy elektr korxonalari o‘zlaridagi salohiyatdan unumli foydalanib, qator foydali loyihalarni ham amalga oshirishi mumkin.

«Farg‘ona viloyati HETK» AJ Iqtisod va istiqbollash bo‘limi boshlig‘i Ikromjon Madumarov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda yo‘lga qo‘yilgan ayrim loyihalar haqida ma'lumot berdi.
— Bu yerda 2 xil ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Maqsad – mahsulotlarni mahalliylashtirish orqali tannarxni kamaytirish. 2019 yildan boshlab temir-beton tayanchlarni (simyog‘ochlar) ishlab chiqarishni boshladik.

Temir-beton tayanchlarga oylik ehtiyojimiz 3000dan ziyod. Qo‘lbola simyog‘ochlardan yangi, zamonaviy temir-beton tayanchlarga dastur asosida o‘tishni rejalashtirganmiz. Ammo Farg‘ona viloyatida faqat bitta ishlab chiqaruvchi – «Quvasoy» temir-beton ishlab chiqarish zavodi (davlat korxonasi) bo‘lardi. Bu zavodning o‘ziga yarasha muammolari, narx qimmatligi, ishlab chiqarishning to‘xtab qolishi sabab dasturimiz ijrosi kechikayotgani uchun bu ishlab chiqarishni o‘zimiz yo‘lga qo‘ydik.
Kunlik ishlab chiqarish hajmimiz 60 donaga yetdi. Oddiy 11 metrli tayanchni biz «Quvasoy» temir-beton ishlab chiqarish zavodidan 1,1 mln so‘mdan sotib olgan bo‘lsak, o‘zimizda 760 mingdan tushyapti narxi. Bir dona tayanchdan 400 ming so‘m iqtisod qilinyapti.
2ta temir-beton ishlab chiqarish sexi bor-yo‘g‘i 1,5 mlrd.ga tushgan, xolos. Bir yilda o‘zini qoplaydi. Hozirga qadar 85 foiz qoplab bo‘ldi.
Bundan tashqari, biz metall konstruksiya ishlab chiqarish sexini ham ishga tushirdik. Buning ahamiyati juda ham katta. Qurilmalarni Namangan temir qurilmalari zavodidan qimmat narxda sotib olardik. Ular o‘z ishlab chiqarish qiymatiga yana qo‘shimcha narxda ustamalar qo‘shgani hisobiga bajariladigan ishlar hajmi va qiymati oshib ketishiga sabab bo‘layotgan edi. 8 xil turdagi metall konstruksiyalarni o‘zimiz ishlab chiqarishimiz hisobiga bir yil davomida 17 mlrd so‘m sof foydaga erishdik.
Yana bir ishlab chiqarishimiz – hozirgi zamonaviy sim kabellarni temir-beton tayanchlarga mahkamlab turadigan zajim vositalari. Biz o‘zimizning tilda SIP-armaturalar deb aytamiz. Biz buni juda qimmat narxga monopol tashkilotdan sotib olardik. Boshqa hududiy ETKlar ham shu korxonadan olardi. Bu degani o‘z-o‘zidan navbatda turish, vaqt yo‘qotish, ishlarning to‘xtab qolishi, asabbuzarlik. Endi bunday muammolar yo‘q.
Transformatorlarni ta'mirlash seximizni ham tashkil qildik.
Umumiy ishlab chiqarish kompleksida hozir 50ga yaqin ishchi o‘rni yaratildi. Iqtisod qilinayotgan mablag‘lar tufayli xodimlar, ishchilar ijtimoiy himoyasi uchun har xil rag‘batlantirish ko‘rinishida to‘lovlar amalga oshirish imkoniyati vujudga keldi. Ularning maoshlari o‘rtacha 2–3 million so‘m. Tayanch ishlab chiqarish sexida to‘lov ishbay.
Bizda muammoli hududlar yildan yilga kamayib boryapti, lekin real holatni aytadigan bo‘lsak, 2021 yili 17 foizdan 20 foizgacha muammoli hududlar mavjud. Ularni bosqichma-bosqich, mahalliy hududlar bilan kelishgan holda davlat dasturlarining manzilli ko‘rinishdagi ro‘yxatlariga qo‘shishga harakat qilamiz.
Qo‘lbola simyog‘ochlar, qo‘lbola shaklda tashkil qilingan elektr o‘tkazgichlarni zamonaviy, texnologik yo‘qotishlari kam bo‘lganlariga almashtirishni rejalashtirganmiz. Qo‘lbola – o‘z nomi bilan qo‘lbola; balki u bilan iste'molchi uyi yorishar, lekin hududiy elektr tarmoqlari yo‘qotayotgan elektr energiyaning o‘rnini qoplamaydi.
2020 yilda innovatsion g‘oyaga qo‘l urdik. O‘zbekistonda birinchi bo‘lib polimer izolyatorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bu maxsus xomashyodan qilinadi. Xomashyo tarkibi ustida ishlayapmiz.
Hozir ishlab chiqarishda foydalanilayotgan izolyatorlardan farqi shundaki, bularga texnik xizmat ko‘rsatish ancha yengil. Yanvar oyida mutaxassislarimizni Turkiyaga, Xitoyga jo‘natmoqchimiz. Biz mahsulotlarni mahalliylashtirish orqali elektr energiya yetkazib berishni klasterga aylantirmoqchimiz.
Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.
Tavsiya etamiz
Nima uchun Koreyani tanlash yoki tanlamaslik kerak? | SUBYEKTIV
Jamiyat | 19:02 / 30.06.2025
Urush tugadi, endi Isroil va Eron nima qiladi?
Jahon | 12:02 / 30.06.2025
Ko‘chmas mulk savdosini naqdsiz shaklga o‘tkazish rejalashtirilyapti
Iqtisodiyot | 11:26 / 30.06.2025
Hindistonda o‘n millionlab odam uran bilan ifloslangan suvni ichmoqda - olimlar
Jahon | 09:01 / 30.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
HONOR ilhomlantiruvchi AI texnologiyalarga ega HONOR 400 seriyasini taqdim etdi
O‘zbekiston | 17:00
-
AQSh nafaqat Ukrainaga, balki boshqa mamlakatlarga ham harbiy yordamni to‘xtatdi
Jahon | 16:57
-
Rossiyada o‘yinchoq qurol bilan raqsga tushgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi
Jahon | 16:34
-
Shavkat Mirziyoyev Bokuda Haydar Aliyev va Ozarboyjon qahramonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi
O‘zbekiston | 16:09
Mavzuga oid

18:51 / 26.06.2025
Xitoy quyosh va shamol energiyasini rivojlantirish bo‘yicha rekord o‘rnatdi

14:39 / 26.06.2025
Farg‘onada fuqarolarni xorijga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi

18:46 / 17.06.2025
Rossiya Tojikistonning elektr energiyasidan 297 million dollar qarzini kechadi

16:36 / 17.06.2025