O‘zbekiston | 19:47 / 29.12.2020
2597
8 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: Mintaqaviy hamkorlik – zamonaviy tahdidlarni bartaraf etishning muhim kafolati

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti markaz rahbari Baxtiyor Mustafoyev prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi bo‘yicha sharh yozdi.

29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga navbatdagi murojaati bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbarining murojaati o‘zining dolzarbligi va strategik ahamiyati bilan bugun siyosiy ekspertlar orasida katta qiziqish o‘yg‘otmoqda va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z murojaatlarida Markaziy Osiyo O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligini  alohida ta'kidlab o‘tdilar. Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy ravishda davlatimiz rahbarining diqqat markazida, buni biz prezidentimizning nufuzli mintaqaviy va xalqaro tashkilotlarning yuqori minbarlaridan turib mintaqa masalalari bo‘yicha ilgari surgan taklif va tashabbuslarida ham ko‘rishimiz mumkin.

Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatlarida Markaziy Osiyoni tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi ekanligiga yana bir bor urg‘u berishlarining quyidagi muhim jihatlarini alohida ta'kidlab o‘tish lozim.

Birinchidan, O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining uzviy va chambarchas bog‘liq qismi hisoblanadi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan chegaradosh mintaqadagi yagona davlat, ya'ni mintaqadagi u yoki bu davlatdagi har qanday siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohadagi o‘zgarishlar bevosita O‘zbekistonga ta'sir qiladi. Qolaversa, transport, iqtisodiyot, energetika va suv sohasidagi yirik loyihalarni amalga oshirish mintaqa davlatlarining hamkorlik darajasiga bog‘liq. Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishi va gullab-yashnashi O‘zbekiston Respublikasining bosh maqsadi hisoblanadi.

Ikkinchidan, barchamizga ma'lum Markaziy Osiyo geostrategik mintaqa hisoblanadi. Bunga bir tomondan mintaqanining qulay geografik hududda, ya'ni muhim mintaqaviy va xalqaro transport yo‘laklari kesishmasida joylashganligi, boy tabiiy resurslarga ega ekanligi sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar tizimida muhim o‘rin tutadigan Yaqin Sharq, MDH va Osiyo davlatlari bilan chegaradoshligidir. Boshqacha qilib aytganda, Markaziy Osiyo dunyoning yetakchi davlatlarning manfaatlari kesishgan hudud hisoblanadi.

Yuqoridagi omillar mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashga faqatgina o‘zaro tushunish va manfaatlarga asoslangan hamkorlik orqali erishish mumkinligini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu esa o‘z navbatida O‘zbekistonning bugungi kundagi ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sherikchilik, o‘zaro ishonch va mavjud muammolarni oqilona murosa yo‘li bilan hal etish tamoyillariga asoslangan mutlaqo yangi mintaqaviy siyosati Markaziy Osiyoda barqarorlik va izchil rivojlanishni ta'minlashda, mintaqaning hamkorlik makoniga aylanishida muhim garov sifatida xizmat qilishidan dalolat beradi.

Uchinchidan, parlamentga murojaatnomada prezidentimiz tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash masalasi ko‘tarilgani, O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikning barqaror rivojlanishiga qat'iyligini va qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro manfaat va ishonchga asoslangan hamkorlikning uzoq muddatli xarakterga egaligini yana bir karra isbotlaydi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev prezident sifatida saylanganlaridan keyin ilk bor Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi ekanligi to‘g‘risida 2016 yil 14 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida aytgan edi.

O‘tgan davr mobaynida erishilgan yutuq va natijalarni tahlil qilsak, butun dunyoda ko‘p tomonlama hamkorlik inqirozga uchragan va o‘zaro ishonch kamayib ketayotgan bir vaqtda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichga chiqayotganini ko‘rishimiz mumkin. 

Tarixan qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarda misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi. Eng asosiysi, avval mintaqaviy hamkorlikni rivojlanishida to‘siq hisoblangan chegara va suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha muhim va o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. Prezidentimiz tashabbuslari bilan hamkorlikning yangi mexanizmlari tashkil etildi. Bunga misol sifatida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlarini, parlamentlararo guruhlar, chegaraoldi hududlar hamkorligi kengashi, vazirlik va idoralararo komissiyalar, investitsiya fondlarining tashkil etilganligini aytish mumkin.

O‘zbekistonning yangi mintaqaviy siyosati natijasida Markaziy Osiyoda shakllangan siyosiy muhit bugun mintaqa davlatlarining ulkan iqtisodiy salohiyatini ochishga muhim hissa qo‘shmoqda. Yuqoridagi gaplarning tasdig‘i sifatida Markaziy Osiyo davlatlarida tashqi savdo aylanmasi va investitsiya hajmi, turistlar soni oshgani misolida ko‘rishimiz mumkin. 

Xususan, 2019 yil mintaqa davlatlarining tashqi savdo aylanmasi hajmi 2016 yilga nisbatan 56 foizga oshib 168,2 milliardni tashkil etdi. Mintaqa davlatlariga jalb qilingan investitsiyalar hajmi esa 2019 yil 2016 yilga nisbatan 40 foizga oshib 37,6 milliardni tashkil etdi. Markaziy Osiyo davlatlariga tashrif buyuruvchi turistlarning soni ham yildan yilga ortib bormoqda. Misol tariqasida mintaqa davlatlariga 2019 yil kelgan turistlar soni 2016 yilga nisbatan 93 foizga oshib 18,4 million kishini tashkil qildi.

Mintaqaviy hamkorlikning davlatlar xavfsizligi va barqarorligini ta'minlashda nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etishini biz koronavirus pandemiyasi davrida ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. Markaziy Osiyo davlatlari so‘nggi yillarda mintaqadagi yangi siyosiy muhit natijasida qisqa vaqt ichida pandemiyaga qarshi muvofiqlashtirilgan siyosat olib borishga muvaffaq bo‘lishdi. 

Natijada pandemiya davrida koronavirusga qarshi kurashda tibbiyot sohasida axborot va tajriba almashinuvi, o‘zaro gumanitar yordam ko‘rsatish, chegaralarda yuklarning uzluksiz harakatlanishini yo‘lga qo‘yishga erishildi. Bu esa mintaqada dunyoning boshqa davlatlariga nisbatan koronavirus bilan kasallanish va uning natijasidagi o‘lim sonining kamligini ta'minlashga imkon berdi. Xususan, 29 dekabr holatiga ko‘ra Markaziy Osiyoda koronavirus bilan kasallanganlar soni 375 ming kishini, ya'ni dunyodagi jami kasallanganlarning 0,5 foizini tashkil etdi. O‘lim holati koronavirus bilan kasallanganlarning 1,7 foizidan iborat bo‘lgan bo‘lsa, dunyoda bu ko‘rsatkich 2,1 foizni tashkil etdi. Bir so‘z bilan aytganda, mintaqaviy hamkorlik zamonaviy tahdidlarni bartaraf etishning muhim kafolati ekanligini yana bir bor tasdiqladi. 

Shu nuqtayi nazardan bugun prezidentimizning tashabbusi va sa'y-harakatlari asosida rivojlanayotgan mintaqaviy hamkorlik Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlarida yangi sahifani ochdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Prezidentimiz tomonidan Oliy Majlisga qilingan murojaatnomada Markaziy Osiyoning tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi ekanligini yana bir bor ta'kidlanishi, O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashga o‘zining barcha imkoniyatlari va salohiyatini safarbar qilishidan dalolat beradi.

Mavzuga oid