O‘zbekiston | 22:03 / 29.12.2020
11697
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganlar soni ma'lum qilindi

Bugungi kunda koronavirusga qarshi ZF 2001 vaksinasining III bosqich sinovlari doirasida vaksina olgan fuqarolar soni 830 kishini tashkil etmoqda.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Xitoyda ishlab chiqarilgan koronavirus rekombinant vaksinasining 18 yoshdan yuqori bo‘lgan insonlardagi sinovi davom etmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazining Kun.uz muxbiriga xabar berishicha, 29 dekabr holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 830 nafar ko‘ngilli mazkur vaksina bilan emlandi.

Emlanganlar soni 28 dekabr kuni 151 kishini, 29 dekabrda esa eng ko‘p natija qayd etilib, 191 nafar kishini tashkil etdi.

Avvalroq 400 nafardan ortiq ko‘ngilli Covid-19’ga qarshi vaksina bilan emlangani xabar qilingandi.

Ushbu vaksina tadqiqoti butun dunyo bo‘yicha bir necha markazlarda 29 ming nafar ko‘ngilli ishtirokchilarni qamrab oladi.

Ma'lum qilinishicha, Xitoydagi ko‘ngillilarda vaksinaning xavfsizligi va immunogenligi tekshiriladi. Mamlakatdan tashqaridagi davlatlarda esa vaksinaning xavfsizligi, himoyaviy samaradorligi va immunogenligi o‘rganiladi.

Bugungi kunga kelib, ushbu vaksinaning 1- va 2-bosqich klinik tadqiqotlari o‘tkazilgan bo‘lib, uning xavfsizligi tasdiqlangan.

Vaksina sinovlari uchun ko‘ngillilar tanlovi davom etmoqda. Unda ishtirok etishni istovchilar ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, klinik sinovlar xitoylik mutaxassislar ishtirokida Toshkent shahridagi 3 ta poliklinikada o‘tkazilmoqda. Vaksina bilan 5000 nafar ko‘ngilli emlanishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid