Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
UzAuto Motors OAV va blogerlarni kompaniyaga moliyaviy zarar yetkazishda aybladi
UzAuto Motors yuridik departamenti direktori Rustam Shoymardonov OAV va blogerlarni kompaniyaga katta miqdorda moliyaviy zarar yetkazishda ayblab chiqdi. Uning aytishicha, «buyurtma asosida tarqatilgan» bo‘hton va asossiz xabarlar «milliy brendning nufuzi»ga va mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta'sir qilgan.
Kompaniya rasmiy saytida e'lon qilingan maqolasida Rustam Shoymardonov yil so‘ngida UzAuto Motors duch kelgan muammolarda OAV va blogerlarni ayblagan.
«So‘nggi yillarda mamlakatda axborot olish erkinligini ta'minlashga davlatimiz tomonidan alohida e'tibor qaratilmoqda. Biroq ayrim OAV, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni suiiste'mol qilish holatlari ham kuzatilmoqda.
OAV va ijtimoiy tarmoqlarda «maxsus buyurtma» asosida turli bo‘hton va asossiz xabarlarning tarqatib borilayotgani, nafaqat milliy brendning nufuziga, balki mamlakat iqtisodiyotiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda», deb yozadi Rustam Shoymardonov
Uning aytishicha, bunday xabarlar tarqalishi 2020 yilning avgust-sentyabr oylarida «UzAuto Motors» AJ kunlik tushumini qariyb 30-40 milliard so‘mga keskin kamayishiga yoxud joriy yilning avgust-sentyabr oylarida belgilangan reja 562 milliard so‘mga kam bajarilishiga sabab bo‘lgan.
«Bunday yo‘qotishlar AJning mazkur tushumlarga mutanosib ravishda davlat budjetiga soliq va boshqa ijtimoiy to‘lovlar to‘lashiga to‘sqinlik qilgan. Mablag‘ taqchilligi yuzaga kelishi natijasida sentyabr oyida rejalashtirilgan akkreditiv to‘lovlari va xorijiy hamkorlarga yo‘naltiriladigan to‘lovlar oktyabr-noyabr oylarida kechiktirib to‘langan», deydi kompaniya yuridik departamenti direktori.
Rustam Shoymardonov, shuningdek, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda buyurtma bo‘yicha yozilgan asossiz xabarlar tarqatilishi O‘zbekistonga investitsiya olib kirmoqchi bo‘lgan investorlarda ikkilanishni paydo qilganini aytadi.
«Ushbu xabarlar O‘zbekiston investitsiya jozibadorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatib, aksariyat investorlarda yurtimizga investitsiyalar olib kirishida ikkilanishlar paydo qilmoqda», deydi u.
Rustam Shoymardonov davlat ahamiyatiga molik hamkorlik kelishuvining kechikishiga ham OAV va blogerlarni ayblagan.
«Xorijiy hamkorlar bilan jamiyatning investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, zavodning texnik jihozlarini modernizatsiya qilish va aylanma mablag‘larini ko‘paytirish borasidagi 150 million yevro miqdoridagi davlat ahamiyatiga molik hamkorlik kelishuvi kechikishiga ham aynan shunday xabarlar sabab bo‘lgan», deyiladi maqolada.
Rustam Shoymardonov o‘z ayblovlarida UzAuto Motors'ga zarar yetkazgan OAV va blogerlar nomini ochiqlamagan.
Ma'lumot uchun, bir necha yildan buyon OAV, blogerlar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari UzAuto Motors faoliyatini tanqid qilib kelmoqda.
Ayniqsa ortda qolayotgan yilda mamlakatdagi yengil avtomobil ishlab chiqaruvchi monopol tashkilot manziliga iste'molchilar va OAV vakillari, blogerlar tomonidan tanqidlar «yog‘dirildi».
Korxona mart oyida avtomobillari narxini oshirgach, «tanqidlar oqimi»ga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ham qo‘shildi.
Narx oshishini maxsus komissiya tuzib o‘rgangan O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors narxni asossiz oshirgan degan xulosaga keldi; kompaniyadan narxlarni tushirib, ortiqcha undirilgan pullarni mijozlarga qaytarishni talab qildi.
Talabni rad etgan kompaniya qo‘mitani sudga berdi va yurib chiqdi. Rasul Kusherbayevning bu holatni «eski O‘zbekiston»ning «yangi O‘zbekiston» ustidan g‘alaba qozonishi deb atagan edi.
Mavzuga oid
14:22 / 16.01.2025
2024 yilda UzAuto Motorsʼning O‘zbekiston bozoridagi ulushi 88 foizga yetdi
16:31 / 10.01.2025
UzAuto Motors kompaniyasiga vaqtinchalik rahbar tayinlandi
21:14 / 09.01.2025
UzAuto Motors kompaniyasining shvetsiyalik sobiq rahbari yangi ish topdi
18:45 / 27.12.2024