Jahon | 21:36 / 30.12.2020
35775
5 daqiqa o‘qiladi

Xorvatiyada mamlakat tarixidagi eng vayronkor zilzila sodir bo‘ldi. Silkinishlar uch kundan buyon to‘xtamayapti

Xorvatiyada uch kundan buyon zilzilalar sodir bo‘lmoqda. 28 dekabr kuni boshlangan seriyali silkinishlar 30 dekabr kuni ertalab ham kuzatilgan.

Foto: Antonio Bronic / Reuters

Eng kuchli – rixter shkalasi bo‘yicha 6,4 magnitudali silkinish 29 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:19da sodir bo‘lgan. Ungacha 5,2 va 4,4 magnitudali zilzilalar kuzatilgan. Bugun Toshkent vaqti bilan soat 10:15 va 10:26 oralig‘ida 4,7 hamda 4,8 magnitudali ikkita yer silkinishi sezilgan.

7 kishi halok bo‘lgan
Zilzila markazidan 3 kilometr uzoqlikda joylashgan Petrinya shahri zilziladan jiddiy zarar ko‘rgan. U yerda 12 yoshli qizcha binolar ostida qolib halok bo‘lgan. Zilzila yaqindagi Glina shahriga ham jiddiy zarar yetkazgan va bu shaharchada 5 kishi halok bo‘lgan. Jajina shahridagi cherkov vayronlari ostidan yana bir kishining jasadi topilgan. Butun mamlakatda vayronalar ostida qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda.

Xorvatiya prezidenti Zoran Milanovich vayronaga aylangan 20 ming kishilik Petrinya shahriga bordi va yuzaga kelgan holatni Grozniydagi chechen urushidan keyingi holatga o‘xshatdi. Mamlakat bosh vaziri Andrey Plenkovich OAV vakillariga shahar ortiq yashab bo‘lmaydigan darajaga kelganini ma'lum qilgan.

Shahardagi bolalar bog‘chasi vayron bo‘lgan. Yaqin atrofda joylashgan va Xorvatiya hamda Sloveniyaga tegishli «Krshko» atom elektrostansiyasi faoliyati xavfsizlik nuqtayi nazaridan to‘xtatilgan. Petrinya meri Darinko Dumbovich shahardagi binolarning yarmi tiklab bo‘lmaydigan darajada vayron bo‘lganini ma'lum qildi. U OAV vakillariga bu haqida ma'lum qilayotgan vaqtda takroriy silkinish sodir bo‘lgan.

«Biz binolar ostidan odamlarni chiqarib olar ekanmiz, ular tirikmi yoki o‘lik bila olmasdik», degan mer jurnalistlar bilan suhbatda.

Tarixdagi eng vayronkor zilzila
Sodir bo‘lgan zilzila Xorvatiya poytaxti Zagrebda ham sezilgan. Shuningdek, Serbiya va Bosniyada ham yaxshigina yer silkinishi qayd etilgan. Ma'lum bo‘lishicha, zilzila yer ostidan 10 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan. Amerikalik seysmologlarning aniqlashicha, bu Xorvatiyada (mamlakat 1991 yil mustaqillik e'lon qilgan) yer silkinishlarini aniqlovchi zamonaviy tizim paydo bo‘lganidan beri kuzatilgan eng yuqori magnitudali zilzila hisoblanadi. 1880 yilda ham Zagrebda taxminan shunday magnitudali zilzila sodir bo‘lgan.

VVS muxbirining ma'lum qilishicha, Petrinya shahri uchun zilzila juda yomon ta'sir qilgan. Chunki 1990 yilgi urushda vayron bo‘lgan shahar endi-endi tiklanib, odamlar yaxshi yashay boshlagandi. Xorvatiya prezidenti va bosh vazir Petrinyada bo‘lib, shaharni tiklash uchun kerakli pul ajratilishini ma'lum qilishgan.

Shaharning yuzlab fuqarolari maktablar, sport zallarda tashkil etilgan vaqtincha turar joylarda yangi yilni kutib olishga majbur. Ular uylariga qaytishdan umidlarini uzishgan, chunki juda ko‘p uylar yashab bo‘lmaydigan holatga kelgan. Yashash mumkin bo‘lgan uylarda ham elektr ta'minoti uzilgan.

Mamlakat yordamga shoshilmoqda
Zilzila oqibatida vayron bo‘lgan Petrinyaga butun Xorvatiyadan gumanitar yordam yuborilmoqda. Ko‘ngillilar favqulodda xizmat vakillari bilan birga vaqtincha yashash uchun palatkalar tashkil etishdi. Ular palatkalardagi odamlarni oziq-ovqat bilan ta'minlash uchun navbatchilik tartibida ishlamoqda. Qo‘shni mamlakatlardan ham gumanitar yordam kela boshladi. Xususan, Italiya Petrinyaga 100ta palatka va kerakli jihozlarni yordam sifatida yuborgan.

Seysmologlarning aytishicha, zilzilalar hali yana takrorlanishi mumkin. Shu sababli xorvatiyaliklar ogohlikka chaqirilgan. Xorvatiya bo‘ylab barcha huquqni muhofaza qiluvchi organ zobitlari va armiya qutqaruv ishlariga jalb qilingan. Yevropa Ittifoqi qit'aning iqtisodiy jihatdan ortda qolgan davlatlaridan bo‘lgan Xorvatiyaga kerakli yordamni berishini ma'lum qildi.

Xorvatiyada 2 yanvar kuni zilzila qurbonlari hurmatiga motam kuni deb e'lon qilingan.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid