Jahon | 11:15 / 17.02.2026
2884
4 daqiqa o‘qiladi

Vengriya va Slovakiya Xorvatiyadan Rossiya neftini yetkazib berishni so‘ramoqda

Slovakiya va Vengriya Ukraina tomonidan “Drujba” neft quvuri orqali Rossiya neftini ushbu mamlakatlarga yetkazib berish to‘xtatilganidan keyin Xorvatiyadan RF neftini tranzit qilishni yo‘lga qo‘yishni so‘radi. Kiyev Budapeshtni RF qo‘shinlarining quvurga qilgan hujumlarini yashirib kelayotganlikda ayblamoqda.

Foto: Goran Kovacic/Pixsell/IMAGO

Ukraina hududi orqali “Drujba” neft quvuri bilan RFdan neft yetkazib berish to‘xtatilganidan so‘ng, Vengriya va Slovakiya Xorvatiyadan Adriatika neft quvuri (JANAF) orqali Rossiya xomashyosini yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishni so‘radi. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto dushanba kuni, 16 fevralda X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. Vazir ta’kidlashicha, Zagreb bu iltimosni sanksiyalar bo‘yicha istisno tufayli bajara oladi, chunki u “quvur orqali yetkazib berishda uzilish yuz bersa, Rossiya neftini dengiz yo‘li bilan import qilish imkoniyatini nazarda tutadi”.

Xorvatiya iqtisodiyot vaziri Ante Shushnyar mamlakatlarga yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. “Xorvatiya Markaziy Yevropaga yonilg‘i yetkazib berish xavf ostida qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Biz YeI qonunchiligi va OFAC qoidalari doirasida uzilishlar muammosini hal qilishga yordam berishga tayyormiz. Hech kim yonilg‘isiz qolmasligi kerak”, — deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida.

Avvalroq Viktor Orban hukumati bir necha bor JANAF go‘yoki neftni kerakli hajmlarda haydashni ta’minlay olmasligidan shikoyat qilgan, shuningdek Xorvatiya hokimiyati tranzit to‘lovini oshirgani oqibatida Vengriya uchun bu yo‘l orqali yetkazib berish tijoriy jihatdan foydasiz bo‘lib qolganini aytgan edi.

Shu bilan birga, Shushnyar ta’kidlashicha, tanqidlarga qaramay, Adriatika neft quvuri ishlashga tayyor. Shu bois YeIdagi istalgan davlat uchun Rossiya neftiga qaram bo‘lib qolishni davom ettirishga texnik jihatdan sabab qolmagan. “Rossiyadan sotib olingan bir barrel neft ayrim davlatlarga arzonroqdek tuyulishi mumkin, ammo u urushni va Ukraina xalqiga qarshi hujumlarni moliyalashtirishga yordam beradi”, — dedi vazir.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa “Drujba” neft quvuri orqali yetkazib berish 27 yanvardan to‘xtaganini Vengriya Ukraina hududidagi quvur qismiga Rossiya zarbasi berilgani haqidagi faktni yashirib kelgani bilan izohladi. Bunga javoban Budapesht Ukraina tomoni o‘sha quvur qismida elektr ta’minotini go‘yoki o‘chirib qo‘yganini bildirdi. Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso 15 fevral kuni Ukrainani eksportni tiklashni ataylab cho‘zib yuborishda aybladi.

Reuters agentligi yozishicha, Vengriyaning MOL energetika kompaniyasi allaqachon Budapeshtdagi hukumatga neftning strategik zaxiralaridan foydalanishga ruxsat berishni so‘rab murojaat qilgan. Agar sharqdan yetkazib berish yaqin kunlarda tiklanmasa, birinchi bosqichda taxminan 250 ming tonna xom neft zaxiradan chiqarilishi talab etiladi, deb ma’lum qildi kompaniya.

ExPro tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda Ukraina “Drujba” neft quvurining janubiy tarmog‘i orqali taxminan 9,73 million tonna Rossiya neftini tranzit qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid