11:53 / 31.12.2020
8594

Bayram kunlarida ham qarzdorlik uchun elektr energiyasi ta'minoti uzilishi mumkin – «Hududiy elektr tarmoqlari»

 «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati bayram kunlari elektr uzilmasligi uchun elektr energiyasi uchun qarzlarni to‘lashga chaqirdi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ barcha elektr energiyasi iste'molchilarini Yangi yil bilan tabriklagan holda, bayram kunlari qarzdorlik tufayli xonadoningizda elektr energiyasida uzilishlar bo‘lishining oldini olish maqsadida foydalanilgan elektr energiyasi uchun mamlakatimizda mavjud to‘lov tizimlari (U-Pay, Click, Payme, Paynet) hamda banklarning mobil ilovalari orqali uydan chiqmasdan turib to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkinligini yana bir bor eslatib o‘tadi.

Ta'kidlash joiz, respublikamizda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) joriy etilishi munosabati bilan qarzdorlar avtomatik tarzda tarmoqdan uziladi», deya ogohlantirmoqda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ.

Eslatib o‘tamiz, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Jahongir Obidjonov 28 dekabr kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida yuridik va jismoniy shaxslarning elektr energiyasidan qarzdorlik miqdori haqida ma'lumot bergandi.

«Ayni vaqtda respublikamiz bo‘yicha 3 trln 500 mlrd so‘m qarzdorlik mavjud. 1 dekabr holatiga ko‘ra, aholining elektr energiyasi qarzdorligi – 2 trln 340 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.

Ijobiy holatni aytmoqchimanki, 1 oktyabrda bu qarzdorlik – 2 trln 380 mlrd so‘m bo‘lgan. 2 oy ichida ushbu qarzdorlik holati 40 mlrd so‘mga kamayishiga erishildi», degandi u.

Top