Jamiyat | 17:14 / 02.01.2021
5962
2 daqiqa o‘qiladi

Tanqiddan so‘ng: Zangiotada mulki buzilgan tadbirkorlarga kompensatsiya o‘rniga yer ajratildi

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Eshonguzar qo‘rg‘onida istirohat bog‘i qurilishi sabab tadbirkorlarning noturar joy binolari kompensatsiya masalasi to‘liq hal qilinmasdan buzib tashlangan edi. Tuman hokimligi kompensatsiya o‘rniga berilgan yerga viloyat hokimligining ruxsati so‘ralgan qaror chiqargan. Natijada, tadbirkorlar ikki hokimlik o‘rtasida «koptok» bo‘layotgandi.

Mulki buzilgan tadbirkorlar bir necha bor Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan. Holat yuzasidan sayt orqali bir necha bor tanqidiy maqolalar e'lon qilindi.

Dastlab «Bir yildan beri sarsonmiz» - Zangiotada 10 nafar tadbirkor ikki hokimlik o‘rtasida «koptok» qilinmoqda» nomli maqola berildi. Unda tuman hokimligi o‘z aybini bir hafta ichida to‘g‘rilashi aytilgan edi.

Natija bo‘lavermagach, «Zangiotada binolari buzilgan o‘n nafar tadbirkor kompensatsiyani yana qancha kutishi kerak?» nomli ikkinchi maqola orqali muammo hal bo‘lmayotgani yana bir bor eslatib o‘tildi.

«Qudratdagi hokimliklar va zo‘r chiqqanda ojiz MIB. Tadbirkorni kim himoya qiladi?» sarlavhali maqolada yana yechimini kutayotgan muammoga e'tibor qaratildi.

Nihoyat, 2020 yil 16 dekabrda Zangiota tuman hokimligining mulklari buzib tashlangan tadbirkorlarga yer ajratish to‘g‘risidagi qarori chiqarildi. Zangiota tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jasur Usmonaliyevning tasdiqlashicha, endi tadbirkorlar o‘z yeriga egalik qilishi, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.

«Snos» masalalari mulk egasining roziligi olinib, kompensatsiya masalasi hal etilganidan so‘ng amalga oshirilishiga umid qilamiz.

Mavzuga oid

E`lonlar