Jahon | 18:00 / 06.01.2021
8748
7 daqiqa o‘qiladi

Jorjiyada Uornok va Ossoff ustun kelmoqda. Senat demokratlar qo‘liga o‘tishi oydinlashmoqda

5 yanvar kuni Jorjiya shtatida o‘tkazilgan ovoz berish jarayoni AQSh Senatidagi ustunlik uchun hal qiluvchi kurash bo‘ldi. Senatdagi ikki o‘rin uchun ayovsiz kurash kechmoqda. Hozirgacha byulletenlarning 98 foizdan ortig‘i hisoblab chiqildi.

Atlantadagi saylov uchastkasida / Reuters

Amerika telekanallari va Associated Press agentligi xabar berishicha, demokratlar nomzodi Rafael Uornok 50,6 foiz ovoz olib g‘olib bo‘ladi, ammo hozircha natija rasman tasdiqlanmadi.

Demokratlarning ikkinchi nomzodi Jon Ossoff esa videomurojaat bilan chiqib, o‘z g‘alabasi haqida gapirdi. «Men Jorjiya xalqiga meni Qo‘shma Shtatlar senatida xizmat qilishga saylashgani uchun minnatdorchilik bildiraman», degan u. Uning g‘alabasi ham hali rasman tasdiqlanmadi.

Bu saylovlarni monitoring qilgan Edison Research kompaniyasi xabariga ko‘ra, byulletenlarning 98 foizi hisoblab chiqilgan holatda demokrat Jon Ossoff 50,2 foiz ovoz olmoqda, respublikachi Devid Perdyu esa - 49,8 foiz. Ovozlar sonidagi farq taxminan 16 mingtani tashkil etmoqda. Associated Press ham shunga yaqin raqamlarni keltirgan.

Ossoffning saylovoldi shtabi g‘alaba yaqinligini ma'lum qilgan. «Hali hisoblanmagan ovozlar Jon ustunlik qilgan okruglarda berilgan», degan uning kampaniyasi rahbari Ellen Foster.

Agar 33 yoshli Jon Ossoff chindan ham g‘alaba qilsa, u AQShdagi eng yosh senatorga aylanadi.

O‘z navbatida Devid Perdyuning shtabidagilar ham g‘alaba haqida aytmoqda.

Shtat davlat kotibi Bred Raffenspergerning xabar qilishicha, saylovlar g‘oliblari chorshanba kuni tushdan keyin, Toshkent vaqti bilan 6 yanvar kuni soat 10lar atrofida aniq bo‘lishi kutilmoqda.

Bu shtatda noyabrdagi saylovlarda g‘olib aniqlanmagani tufayli ikkinchi tur belgilangandi - shtat qonunchiligiga ko‘ra g‘alaba uchun 50+1 foiz ovoz talab etiladi.

Ekzit-pollarga ko‘ra, Jorjiyadagi saylovchilarning taxminan 49 foizi respublikachilarni, 48 foizga yaqini demokratlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Bu safargi ovoz berish demografiya prezidentlik saylovlaridagi holatni qariyb takrorlamoqda. Shtatdagi jami saylovchilarning 29 foizini qora tanli saylovchilar tashkil etadi. Bu toifaning 90 foizi Demokratik partiyani qo‘llaydi.

Respublikachilar oq tanli aholi yashaydigan joylarda ko‘p ovoz olmoqda. Shu bilan birga, so‘rovlarning ko‘rsatishicha, Trampga ovoz berganlar bu safar ham o‘z ovozlarini respublikachi senatorlar Leffler va Perdyuga berishmoqda, noyabrdagi saylovda Baydenga ovoz berganlar ham Senat uchun saylovlarda demokratlarning nomzodi bo‘lgan Uornok va Ossoffga ovoz berishmoqda.

Senatdagi ustunlik uchun kurash
AQShda rasman 3 noyabr kuni yakunlangan ovoz berish jarayoni amalda yanvar oyi boshigacha davom etdi: seshanba kuni Jorjiya shtati saylovchilari ikki yetakchi siyosiy kuchdan qaysi biri senatni nazorat qilishini, ya'ni Jo Baydenning prezidentligi qanday kechishini hal qilish uchun ovoz berishdi.

Senatda respublikachilar ustunlikni saqlab qolishi yoki demokratlar yuqori palatani ham nazoratga olishi ovoz berish natijalariga bog‘liq, agar ikki o‘rin ham demokratlarga nasib qilsa, Jo Baydenda o‘z qonunchilik tashabbuslarini hayotga tatbiq etish uchun keng imkoniyatlar paydo bo‘ladi.

O‘tgan yilning noyabrida Jorjiyada senatdagi o‘rinlar uchun saylovda g‘oliblar aniqlanmagandi - nomzodlarning hech biri 50+1 foiz ovozga ega bo‘la olishmagan va ikkinchi tur o‘tkaziladigan bo‘lgandi. Shu tufayli Senatda qaysi partiya ustunlik qilishi masalasi hamon ochiq qolmoqda.

Kimlar mandat uchun kurashmoqda?
Senatdagi kuchlar nisbati yangi prezidentning istalgan qarori qabul qilinishi yoki rad etilishini belgilaydi.

Rafael Uornok (o‘ngda) va Jon Ossoff - demokratlarning nomzodlari / Getty Images

Hozirda Kongressning Vakillar palatasi demokratlarga tegishli, ammo yuqori palatada respublikachilar 100 o‘rindan 50tasiga egalik qilishadi.

Demokratlarda hozircha 48 o‘rin bor, aynan Jorjiyadagi saylovlar qaror qabul qilish huquqi kimga tegishini belgilab berishi kerak.

Agar shtatdagi saylovda demokratlarning vakillari ustun kelishsa, kuchlar nisbati 50ga 50 ko‘rinishini oladi, bu holda hal qiluvchi ovoz vitse-prezident Kamala Harrisda bo‘ladi, natijada demokratlarning istalgan tashabbuslari ma'qullash uchun ko‘p ovoz olishi kafolatlanadi.

Senatdagi o‘rinlar uchun hozirda amaldagi respublikachi-senatorlar Kelli Leffler va Devid Perdyu demokratlarning vakillari Jon Ossoff va Rafael Uornok kurash olib borishmoqda.

Uornok - baptistlarning Ebenezer cherkovi pasteri, bu yerda o‘z vaqtida kichik Martin Lyuter King xizmat qilgan. Ossoff - hujjatli filmlar prodyuseri va tadqiqotchi jurnalist. Uning otasi o‘z vaqtida SSSRdan kelgan muhojir.

Kelli Leffler hech qachon saylovlarda ishtirok etmagan: u shtat gubernatori Brayan Kemp tomonidan sog‘ligi tufayli iste'foga chiqqan Jonni Ayzakson o‘rniga senator etib tayinlangandi.

Kelli Leffler va Devid Perdyu - respublikachilarning nomzodlari / Reuters

Prezident Tramp va ma'muriyat vakillari o‘shanda bo‘sh qolgan o‘ringa respublikachi-kongressmen Dag Kollinz tayinlanishi uchun urinishgandi.

Ammo shtat gubernatori Lefflerni tanladi, u Respublikachilar partiyasi donorlaridan biri hisoblanadi, Amerika nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, u saylov kampaniyasi uchun o‘z hisobidan kamida 20 mln dollar sarflagan.

Saylovlar natijalari nima uchun noyabrdayoq e'lon qilinmagandi?
Dastlabki bahsda Perdyu va Ossoffning hech biri 50 foizlik dovondan o‘ta olmagandi: amaldagi respublikachi senator 49,7 foiz, demokratlar vakili esa 48 foiz ovoz olgandi.

Yanvar oyi boshiga kelib vaziyat o‘zgardi, sotsiologik xizmatlarga ko‘ra, bu safar demokratlar vakili poygada kichik ustunlik bilan yetakchilik qilmoqda.

Ossoff o‘z raqibini bir foizga yaqin farq bilan ortda qoldirmoqda: 49,3 foizga 48,5 foiz. O‘z navbatida, Uornok Lefflerdan qariyb ikki foizga oldinga chiqib ketgan - 49,8 foizga 48 foiz.

Sotsiologlar rekord darajadagi davomat kuzatilayotganini qayd etishgan: Jorjiyada saylov uchastkalari ochilishidan oldin 3 milliondan ortiq saylovchi masofadan ovoz berib bo‘lgandi.

Ammo, qonunchilikka ko‘ra, ovozlarni hisoblash saylov uchastkalari yopilganidan so‘ng boshlanadi. Xuddi shu vaqtda AQShdan tashqaridagi fuqarolar tomonidan pochta orqali yuborilgan byulletenlarni hisoblash ham boshlanadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid