Jamiyat | 19:11 / 06.01.2021
4629
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryo viloyati hokimligi hakerlar guruhi AKT xodimi boshqarma boshlig‘i tomonidan kaltaklangani to‘g‘risida tarqatgan ma'lumotlarni rad etdi

Surxondaryoda viloyat, shahar va tumanlarning rasmiy saytlari 6 yanvar kuni hakerlar hujumiga uchragani va hujumni Clone Security guruhi o‘z zimmasiga olgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Viloyat hokimligi matbuot xizmati ushbu holatga munosabat bildirib, xabarda qayd etilganidek AKT bo‘limida ishlaydigan xodim boshqarma boshlig‘i tomonidan kaltaklangani to‘g‘risidagi ma'lumotlarni rad etdi.

«Hozirda saytlarni asl holida ishlatish choralari ko‘rilayotgan bir paytda ayrim internet nashrlarida viloyat hokimligi huzuridagi «Axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi» DUKda ishlab ketgan xodimlardan birining hokimlik ishlar boshqaruvchisi tomonidan o‘z ish kabinetida o‘zaro kelishmovchilik sabab kaltaklangani, viloyat hududidan chiqib ketish sharti qo‘yilgani, shuningdek, xodim Prezident virtual qabulxonasiga qilgan murojaati uchun rasman ishdan olingani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Surxondaryo viloyati hokimligi xabarlarda keltirilayotgan mazkur holatlarni rad etib, sizlardan aholi orasida turli mish-mishlar paydo bo‘lishiga, ularda salbiy fikr va ishonchsizlikni shakllantirishga olib keladigan ushbu mazmundagi yolg‘on ma'lumotlarga ishonmaslikni so‘raydi», deyiladi viloyat hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Hakerlar tomonidan saytda qoldirgan xabarda ular butun viloyat hokimligi tizimiga kirganini, viloyat hokimi «yaxshi mutaxassislarga e'tibor qaratmasa», uning yopiq qaror va farmoyishlari e'lon qilinishini aytgandi.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid