Jamiyat | 17:51 / 08.01.2021
14445
5 daqiqa o‘qiladi

Iste'fodagi harbiy xizmatchi videomurojaatida o‘ziga berilgan uydan chiqarilayotganini aytdi. «O‘zmetkombinat» unga uy vaqtincha berilgan bo‘lganini bildirdi

«O‘zmetkombinat» AJ matbuot xizmati iste'fodagi harbiy xizmatchining ijtimoiy tarmoq orqali prezidentga yo‘llagan murojaati yuzasidan munosabat bildirdi.

Iste'fodagi harbiy xizmatchi V.Abdullayev o‘z videomurojaatida xizmat uyi bilan ta'minlangani, lekin endilikda u va boshqa iste'foga chiqqan bir necha harbiyni bu uylardan chiqarishga urinishayotgani haqida gapirgan. Ma'lum qilinishicha, harbiy xizmatchilar talab qilayotgan uylar «O‘zmetkombinat» AJ tasarrufidagi harbiy qismga vaqtincha beg‘araz foydalanish uchun berilgan bo‘lgan.

«O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati tijorat tashkiloti hisoblanadi, uning ustav kapitalida davlat ulushi 78,04 foizni, jismoniy va yuridik shaxslar ulushi 21,96 foizni tashkil etadi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 58-moddasi va «Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, «O‘zmetkombinat» AJ mol-mulklari unga mulk huquqida tegishli bo‘lib, ularni tasarruf etish uning boshqaruv organlari (aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi, kuzatuv kengashi, ijroiya organi) qaroriga asosan jamiyat va uning aksiyadorlari manfaatlarini, jumladan, minoritar aksiyadorlar manfaatlarini inobatga olgan holda tasarruf etilishi belgilangan.
 
Ta'kidlash joizki, har qanday aksiyadorlik jamiyatiga tegishli mol-mulkni jismoniy yoki yuridik shaxsga beg‘araz taqdim etish aksiyadorlik jamiyatiga ushbu mol-mulkning balans qiymatida zarar yetkazadi. Bu holat nafaqat yirik aksiyador bo‘lgan davlat, balki boshqa aksiyadorlarning ham manfaatlari poymol bo‘lishiga olib keladi.
 
O‘zbekiston metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyatining hududi 2001 yildan Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism tomonidan shartnoma asosida qo‘riqlanadi.
 
«O‘zmetkombinat» AJ va harbiy qism o‘rtasida 2019-2020 yillar uchun tuzilgan shartnomalar doirasida «O‘zmetkombinat» AJning mulki bo‘lgan 30ta xonadon harbiy qismga vaqtincha beg‘araz foydalanish uchun berilib, harbiy xizmatchilar xizmat davrida vaqtincha turar joy bilan ta'minlangan. Umuman, ushbu xonadonlar xizmat xonadoni toifasiga kirmaydi.
 
«O‘zmetkombinat» AJ tomonidan shartnoma asosida berilgan xonadonlardan foydalanishning maqsadliligi yuzasidan o‘tkazilgan monitoring doirasida hozirgi kunda harbiy xizmatdan iste'foga chiqarilgan (iste'fo davrlari taxminan 2017 va undan oldingi yillar) bir qancha sobiq harbiy xizmatchilar tomonidan, korxonaning tegishli tartibda berilgan xonadonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishi va bo‘shatib berilmayotgani va mulk huquqi asosida berishni talab qilish holatlari aniqlangan.
 
Iste'foga chiqarilgan xizmatchilarning bunday xatti-harakatlari natijasida harbiy qismga beg‘araz foydalanish maqsadida berishga mo‘ljallangan 30ta xonadondan bor-yo‘g‘i 22ta xonadonni ajrata olmoqda va buning hisobiga boshqa yangi kelgan harbiy xizmatchilar turar joydan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, bugungi kunda aynan iste'fodagi harbiy xizmatchilar yashab kelayotgan xonadonlar bo‘yicha kommunal to‘lovlardan qarzdorliklar yuzaga kelgan. Ushbu qarzdorliklarni to‘lash yuzasidan qilingan murojaatlarga rad javobi berilgan. Buning asosi sifatida xonadonlar «O‘zmetkombinat» AJga tegishli ekani hamda barcha kommunal to‘lovlar aynan jamiyat tomonidan amalga oshirilishi kerakligi ko‘rsatilgan.
 
Mulk daxlsizligini kafolatlash, kelajakda ushbu xonadonlarni harbiy qismda amalda harbiy xizmatni o‘tayotgan xizmatchilarni turar joy bilan ta'minlash maqsadida, jamiyat turar joydan ko‘chirib chiqarish haqidagi da'vo arizasini sudga kiritgan.

Ta'kidlash joizki, harbiy qismning har bir harbiy xizmatchisiga har oylik turar joy ijarasi uchun muntazam ravishda beg‘araz moliyaviy yordam to‘lab kelinmoqda. Shuningdek, beg‘araz foydalanishga berilgan xonadonlarga hisoblanib kelingan mol-mulk soliqlari jamiyat tomonidan to‘lanmoqda.

Ushbu murojaatda keltirilgan ma'lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. «O‘zmetkombinat» AJ chet ellik investor tomonidan sotib olingan va hamma mol-mulki hattoki, 2001 yil sotib olingan uylar ham investor nomida ekani to‘g‘risidagi fikrlar mutlaqo asossizdir. Iste'fodagi harbiylarning murojaatida shaxsiy manfaatga erishish maqsadida noo‘rin va asossiz vajlar keltirilgan. Qonun normalarini o‘z manfaatlari yo‘lida talqin qilish holatlari kuzatilgan», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid