O‘zbekiston | 19:59 / 08.01.2021
19354
5 daqiqa o‘qiladi

Mandarin narxi nega keskin oshgandi? Antimonopoliya qo‘mitasi mazkur meva importi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi

Qo‘mita o‘rganishi natijasida sitrus mevalarning importi bilan bog‘liq barcha bojxona to‘lovlari, transport va hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlari ortib ketgani aniqlangan.  

Foto: RIA Novosti

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan mandarin importi bozori yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi. Unda mazkur sitrus meva narxining keskin oshib ketish sabablariga e'tibor qaratilgan, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan Xitoy (kichik) mandarinining 1 kg narxi 2020 noyabr oyida 47 ming 990 so‘m bo‘lib, 1-10 dekabr kunlarida noyabr oyiga nisbatan 7 ming so‘m (14,6 foiz)ga qimmatlagan. 11-16 dekabr kunlarida oy boshidagi narxga nisbatan 5 ming so‘m (9,1 foiz)ga arzonlashib 49 ming 990 so‘mni tashkil qilgan.

Ta'kidlanishicha, 1 tonna mandarin (kichik navlari) xarid narxi 12 million 125 ming so‘m bo‘lib, uning transport xarajati 15 million 750 ming so‘mni, bojxona boji 4 million 410 ming so‘mni, QQS 2 million 64 ming so‘mni, bir martalik sertifikatlar va ruxsatnomalar uchun 2 million 627 ming 300 so‘m, mandarin uchun boshqa xarajatlar 1 yarim million so‘m jami xarajatlar 1 tonna mandarin uchun 38 million 500 ming so‘mni tashkil etgan.

«O‘zbekistonga keltirilayotgan sitrus mevalar Xitoy davlatidan Qozog‘iston orqali tranzit olib kirilayotgani sababli transport va hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlari ortib ketgan», — deyiladi qo‘mita o‘rganishi ma'lumotnomasida.

Ayni kunlarda Xitoy orqali import qilingan mandarin mahsuloti narxi o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz oshgan. Koronavirus pandemiyasi sababli mandarin mahsulotlari eksportga deyarli sotilmayotganligi va mandarin mahsulotining Xitoydan respublikamiz bojxona postigacha yetib kelishi uchun eng kamida 2 hafta muddat talab etilayotganligi, bu esa o‘z navbatida yo‘l xarajatlarining oshib ketishi hamda mahsulotning vazn va sifat ko‘rsatkichlariga salbiy ta'sir etganligi qayd etilgan.

Shuningdek, Argentinadan 2020 yil sentyabrda import qilib keltirilgan 1 kg mandarinning taxminiy tannarxi – 27 ming 820 so‘m, savdo do‘konlardagi narxi o‘rtacha 55 ming so‘m ekanligi hisobga olinsa, narxning qariyb 50 foizi tannarx (O‘zbekiston hududiga kirib kelishi) qismi yetkazib berish, ulgurji va savdo ustamalariga to‘g‘ri kelmoqda.

Turkiyadan 2020 yil noyabrda import qilib keltirilgan 1 kg mandarinning taxminiy tannarxi – 12 ming 47 so‘m, savdo do‘konlaridagi narxi o‘rtacha 18–26 ming so‘m ekanligi hisobga olinsa, bunda ham narxning qariyb 50 foiz tannarx (O‘zbekiston hududiga kirib kelishi) qolgan qismi yetkazib berish, ulgurji va savdo ustamalariga to‘g‘ri kelmoqda.

Tadbirkorlar tomonidan bitta yuk mashinasida (20 tonnalik) sitrus mahsulotlarini Xitoydan O‘zbekistonga tashib keltirish narxi 2019 yilda o‘rtacha 7-8 ming AKSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilning noyabr-dekabr oylarida bitta 18 tonnalik furaning tashish narxi o‘rtacha 15-20 ming AQSh dollarigacha oshib ketganligi asosiy sabab sifatida ko‘rsatilgan.

«Covid-19» koronavirus karantin cheklovlari tufayli Turkmaniston orqali o‘tish yo‘llari yopiqligi uchun yuk tashish transport vositalari Ozarboyjon Respublikasi hududlari orqali kirib kelayotganligi bu o‘z navbatida transport xarajatlarining oshishiga olib kelmoqda.

Tsitrus mevalarini Xitoy davlatidan olib kelishda ham avtoyo‘l bilan bog‘liq muammolar, ya'ni Qozog‘iston Respublikasi cho‘llarida ob-havoning keskin sovib ketganligi, magistral yo‘llarning qor-muz bilan qoplanganligi mahsulotlarning kirib kelish muddati cho‘zilishiga hamda havo haroratining (-35), (-40) darajagacha sovib ketishi oqibatida yuk tashish transport vositalaridagi refrijyerator ishdan chiqishiga sabab bo‘lib, sitrus mevalar muzlashi natijasida ularning chirishiga sabab bo‘lgan ayrim xususiy holatlar ham ma'lum qilingan.

Bojxona va Statistika davlat qo‘mitalaridan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning 1 dekabr holatiga, O‘zbekistonga 11ta xorijiy davlatdan qiymati 4 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 23,8 ming tonna mandarin import qilingan. 2019 yilning 1 dekabr holatiga esa O‘zbekistonga 24,6 ming tonna mandarin import qilingan edi. O‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda mandarin import hajmi 0,8 ming tonnaga kamaygan. 

Mavzuga oid