Bir qaraşda bu holat ğalati tuyuladi. Dunyodagi eng katta qumli çöllardan biri hisoblangan Rub’ al-Xoliy çöliga ega Saudiya Arabistoni quriliş qumi uçun Avstraliyadan mahsulot sotib olmoqda. Mamlakat hatto quriliş qumi importi uçun yuz minglab dollar sarflagan.

Mutaxassislarning ta’kidlaşiça, çöl qumi beton işlab çiqariş uçun deyarli yaroqsiz hisoblanadi. Sababi şamol ta’sirida minglab yillar davomida silliqlangan qum zarraçalari yumaloq va tekis şaklga ega böladi. Bunday zarraçalar sement bilan yaxşi birikmaydi va mustahkam beton hosil qilmaydi.

Quriliş sohasida esa daryo, köl, dengiz tubi yoki karerlardan olingan qum yuqori baholanadi. Çunki suv va mexanik ta’sir natijasida hosil bölgan zarraçalar ötkir qirrali bölib, sement bilan mustahkam boğlaniş hosil qiladi.

Mutaxassislar çöl qumi xususiyatlarini podşipnik şariklariga qiyoslaydi. Ular bir-biriga mahkam yopişiş örniga sirpanib ketadi. Şu bois bunday qumdan tayyorlangan beton tezroq yoriladi va oğir yuklamalarga bardoş bera olmaydi.

Bu esa Saudiya Arabistonida qurilayotgan ulkan megaloyihalar uçun jiddiy muammo hisoblanadi. Jumladan, mamlakatning futuristik The Line (“Közgu çiziği”) şahri, osmonöpar binolar va yirik infratuzilma obektlari uçun maxsus quriliş qumi talab etiladi.

Şu sababli Fors körfazi davlatlari qumni asosan Avstraliya kabi mamlakatlardan import qiladi. Avstraliya geologik şaroiti tufayli quriliş uçun mos bölgan ötkir qirrali qum zaxiralariga boy hisoblanadi.

Qumga bölgan talab nafaqat Saudiyada, balki butun dunyoda ortib bormoqda. Masalan, Dubaydagi Burj Xalifa qurilişi uçun yuz minglab kub metr beton sarflangan bölib, uning katta qismi uçun import qilingan qumdan foydalanilgan.

Şuningdek, BAAdagi maşhur Palma Jumayra sun’iy orolini barpo etiş uçun 94 million kub metr dengiz qumi qazib olingan. Loyiha uçun ham atrofdagi çöl qumlari emas, maxsus tanlangan quriliş qumi işlatilgan.

BMTning Atrof-muhit dasturi ma’lumotlariga köra, insoniyat har yili taxminan 50 milliard tonna qum va şağal qazib oladi. Bu körsatkiç 1970 yilda atigi 9,6 milliard tonnani taşkil etgan.