Kun.uz «Intellekt» ruknida muvaffaqiyatli faoliyati bilan jamiyatda o‘z o‘rnini topgan insonlar bilan suhbatlar tashkil etishda davom etadi. Navbatdagi suhbatdoshimiz – shaxsiy rivojlanishga doir «Biznes Rivoj» loyihasi asoschisi Shahnoza Muhamedova bo‘ldi.

Tadbirkor bir necha yillar oldin o‘zbek tilida motivatsion kitoblar, mediamahsulotlar va shaxsiy rivojlanishga oid kurslar juda kamligini payqaydi va shundan so‘ng o‘zi yoshlarga ana shunday foydali materiallarni taqdim etishga qaror qiladi.

«Barchasi insonning o‘z qo‘lida ekani, o‘z ustida ishlash, o‘ziga ishonish va ilm olish bilan maqsadlariga erisha olishini o‘zimda his qilganman. Ammo motivatsion maqolalar, videolar hammasi ingliz, rus tillarida edi.

O‘zbek tilida manbalar qidira boshladim, lekin aynan o‘z ustida ishlashga, marketing, menejment yo‘nalishlarida yaxshi nashrlar yo‘q edi. Til bilmagan yoshlarda ham bunday bilimlarni egallash imkoniyati bo‘lishi kerak, degan maqsadda biznes boshqaruvi, HR, marketing kabi yo‘nalishlardagi maqolalarni tarjima qila boshladik. Faoliyatimiz shu tarzda boshlangan», – deydi Shahnoza Muhamedova.

«9-sinfgacha yaxshi o‘qimaganman»

— Maktab paytida hech qachon MBA darajam bo‘ladi, deb o‘ylamaganman. Andijonda, o‘zbekcha oilada katta bo‘lganman. Avvaliga o‘qishga bo‘lgan qiziqishim yuqori emasdi, 8-sinfgacha ko‘proq uy ishlarida yordamlashishni yoqtirardim.

Kunlarning birida oyim so‘rab qolganlar: «Hayotda kim bo‘lmoqchisan?» Men uy bekasi bo‘lishni xohlashimni aytganman. Oyim esa biror kasbning zo‘r egasi bo‘lishimni istagan. Keyinroq dadam so‘raganida esa: «Men ham sizdek tadbirkor bo‘laman», deya javob berganman. Dadam: «Buning uchun hozirgi bilimlaring yetadi, deb o‘ylaysanmi?» deya so‘raganlar.

Shundan keyin o‘qiyman deb jiddiy ahd qilganman. 9-sinfga o‘tish arafasida avvalgi yillardagi darsliklarni takroran o‘rganib chiqqanman, 9-sinfning 1-choragiga kelib a'lochiga aylanganman. Men bungacha inson a'lochi yoki ikkichi bo‘lib tug‘iladi, deb o‘ylagan ekanman.

Tushunganmanki, bola necha bahoga o‘qishi ota-ona va o‘qituvchilarning unga qanday munosabatda bo‘lishiga bog‘liq. Bizda esa afsuski maktablarda o‘qituvchilarning o‘quvchini ruhlantirish o‘rniga doim tanqid qilishi odatiy hol.