O‘zbekiston | 18:00 / 11.01.2021
4085
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident murojaatnomasi va Yoshlar forumida bergan topshiriqlar bajarilishi uchun qancha mablag‘ sarflanishi ma'lum qilindi

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur vazifalar ijrosi uchun 41 trillion so‘mga yaqin mablag‘ sarflanadi. Shundan 20 trillion so‘mdan ortig‘i respublika budjetidan ishlatilishi zarur.

Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov O‘zbekiston prezidentining parlamentga murojaatnomasi va Yoshlar forumida belgilagan topshiriqlarni amalga oshirish uchun qancha mablag‘ sarflanishi bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarni ochiqladi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosari 11 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida mazkur masalaga to‘xtalib o‘tgan.

«Biz prezidentimizning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida va Yoshlar forumida belgilab bergan tadbirlarga qancha mablag‘ sarflanishini dastlabki hisob-kitoblarini qildik. Unga ko‘ra, mazkur topshiriqlarni amalga oshirishimiz uchun 41 trillion so‘mga yaqin mablag‘ zarur bo‘ladi. Bunga bevosita respublika budjetidan 20 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ kerak.

Hozirda Vazirlar Mahkamasida murojaatnomadan kelib chiqib davlat dasturi nihoyasiga yetkazilmoqda. Rejaga ko‘ra, biz har chorakda mablag‘larni taqsimlab chiqamiz. Chorakma-chorak ushbu mablag‘lar o‘zlashtirilishi, maqsadli sarflanishini ta'minlashni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz», – dedi vazir o‘rinbosari.

Moliya vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, bunda davlat budjetidan 19,3 trillion so‘m, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan 3 trillion so‘m, Xalqaro moliya institutlarining kredit va grant mablag‘lari hisobidan 15,7 trillion so‘m va boshqa manbalar hisobidan 2,5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi prognoz qilinmoqda.

Joriy yilgi davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foiz taqchillik bilan tasdiqlanganligini inobatga olgan holda, murojaatnomada belgilangan tadbirlarga qo‘shimcha mablag‘ ajratish uchun daromadlar prognozini oshirib bajarish va xarajatlarni samarali ishlatish bo‘yicha Moliya vazirligiga topshiriq berilgan.

Shu bilan birga, Makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va davlat qarzining keskin o‘sishining oldini olish maqsadida, 2021 yilda budjet defitsitini yalpi ichki mahsulotga nisbatan tasdiqlangan 5,4 foizdan oshmaslikni, 2023 yildan esa budjet defitsitini 2 foizdan oshirmaslik bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur.

Mavzuga oid