19:00 / 12.01.2021
8132

Lisenziya shartnomasini tuzish amaliyoti bekor qilinmoqda

«Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi va «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunlar birlashtirilib, yagona Qonun qabul qilinishi mumkin.

Foto: Shutterstock

Parlamentning quyi palatasida litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish hamda sohadagi milliy qonunchilikni tizimlashtirish maqsadida qonun loyihasi taklifi ilgari surilmoqda.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Bildirilayotgan takliflar quyidagicha:

– amaldagi «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»gi va «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunlar birlashtirilib, yagona qonun qabul qilish;

– litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning tanqidiy tahlili asosida mazkur hujjatlarni qisqartirish (litsenziyalanadigan faoliyat turlari 70taga va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar 34taga);

– litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar hamda xabarnomalarning tugal ro‘yxatlarini tasdiqlash va mazkur hujjatlar hamda xabarnomalarning mazkur qonunda nazarda tutilmagan yangi turlari joriy etilishini taqiqlash;

– litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish faqatgina elektron tarzda ixtisoslashtirilgan maxsus elektron tizim – «Lisenziya» axborot tizimi (shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali) orqali amalga oshirilishi;

– yuridik shaxslarning filial va vakolatxonalari tomonidan litsenziyalanadigan, ruxsatnoma olish yoki xabardor qilish talab etiladigan faoliyat turlarini amalga oshirish amaliyotini joriy etish;

– xorijiy mamlakatlar (Gruziya, Ozarboyjon, Qozog‘iston Respublikasi, Ukraina) amaliyotidan kelib chiqib, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillarini amalga oshirishning asosiy prinsiplarini belgilash;

– litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar elektron shaklda berilishi munosabati bilan ularning dublikatini berish, shuningdek, litsenziya shartnomasini tuzish institutini (amaliyoti) bekor qilish;

– talabgorlarning litsenziya hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risidagi murojaatini ko‘rib chiqishning soddalashtirilgan tartibini belgilash;

bank, to‘lov tizimlari operatorlarining va to‘lov tashkilotlarining faoliyati uchun litsenziyalar chaqirib olinishi institutini joriy etish. Bunda mazkur litsenziyalarni chaqirib olish asoslari va tartibi alohida qonunlar bilan belgilanadi;

xabardor etish orqali faoliyatni amalga oshirishning tartibi va mexanizmini to‘liq ochib berish, jumladan, xabardor etish tartibidagi faoliyatni amalga oshirishning talablari va shartlari, xabardor qiluvchining faoliyatini to‘xtatish, qayta tiklash va tugatish tartibi, xabarnomalar maxsus elektron tizim tomonidan avtomatik tarzda qabul qilinmaydigan holatlar.

Muhokamalar jarayonida «Adolat» SDP fraksiyasi tomonidan mazkur qonunning qabul qilinishi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish, ushbu sohadagi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish orqali huquqiy tartibga solishni soddalashtirish hamda mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilishi ta'kidlangan.

Top