Kun.uz muxbiri olis hududlardagi fidoyi o‘qituvchilar haqida hikoya qilish uchun Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi eng chekka aholi punktlaridan biri – Bashir qishlog‘ida bo‘ldi.

E'tibor Quvondiqova

Qahramonimiz E'tibor Quvondiqova qishloqdagi 73-maktab filialida 15 yildan beri boshlang‘ich sinflarga dars berib keladi. Suhbatimiz tongda, ustozning uyidan maktabgacha birga yo‘l olganimizda boshlandi.

«O‘qituvchi bo‘lishdan tashqari onaman, uy bekasiman. Ertalab kunim nonushta tayyorlash va shu kabi boshqa odatiy yumushlar bilan boshlanadi. Tushki soat 2–3gacha maktabda bo‘laman, shuning uchun uydagi ko‘p ishlarni ertalab qilib qo‘yaman.

Chorva mollari, parrandalarga ham yemish beraman. Umuman olganda, ertalab soat 8:00gacha barcha ishlarni tugatib chiqishim kerak, chunki maktabga borgach, uyni «unutishga» to‘g‘ri keladi», – deydi E'tibor Quvondiqova.

– Uydan maktabgacha qancha vaqtda yetib borasiz?

– Dars soat 8:30da boshlanadi, hozir qish bo‘lgani uchun kechroq boshlanyapti. Odatda 8:15da boshlanishi kerak. Soat 7:50 yoki 8:00da uydan chiqsam, 15–20 daqiqada maktabga yetaman.

– Qishning sovuq kunlarida, yomg‘irli ob-havoda maktabga qanday borasiz?

– Turmush o‘rtog‘im mashinasida olib borib qo‘yishi mumkin. Lekin odatda o‘zim piyoda boraveraman. Yo‘lda bekor ketmaslik uchun o‘quvchilarim bilan fanlardan savol-javob qilib ketamiz. Ko‘p o‘quvchilarim bilan qo‘shni yashaymiz.

Bilasiz, qishloq bolasi dars qilishga vaqt topishi qiyin, chunki kun bo‘yi uy yumushlari, chorvaga qarash... Kechki payt bo‘shaganda esa elektr toki o‘chib qolishi mumkin. Ularga maktabga kelib ketganda vaqtlaringiz bekorga ketmasin, deyman. Shu sabab karra jadval, rus tili yoki ingliz tilidan yangi yodlangan so‘zlarni o‘zaro savol-javob qilib ketishlarini maslahat beraman.

***