Komissiya ma'lumotlariga ko‘ra, Museveni qariyb 59 foiz ovoz olgan, Vaynga esa saylovchilarning 35 foizi ovoz bergani aytilgan.

Komissiya saylovlar jiddiy qoidabuzarliklarsiz o‘tkazilganini ma'lum qilgan bo‘lsada, xalqaro kuzatuvchilar hukumatni saylov arafasida butun mamlakat bo‘ylab elektr tokini o‘chirib qo‘ygani uchun tanqid qilishgan.

O‘z navbatida Vayn internet ishlay boshlashi bilan saylovlardagi soxtaliklar haqida dalillar taqdim etishni va'da qilgan.

Saylovlar arafasida ro‘y bergan tartibsizliklar vaqtida politsiya bilan to‘qnashuvlarda o‘nlab kishilar halok bo‘lgan. Muxolif siyosatchilar hukumatni qo‘rqitish usullaridan foydalanishda ayblamoqda.

Saylovlar natijasida ayni vaqtda 76 yoshda bo‘lgan prezident oltinchi muddatga ham hokimiyatda qoladigan bo‘lmoqda. U o‘zini mamlakat barqarorligi kafolati deb ataydi.

Bobi Vayn esa mamlakat yoshlari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganini bildirgan.

Juma kuni, saylov natijalari e'lon qilinganida Bobi Vayn uning uyi askarlar tomonidan o‘rab olingani haqida xabar qildi. Hukumat esa uni «hissiyotlarni o‘ynash» orqali vaziyatni «dramalashtirish»da aybladi.

Saylov natijalari haqida nimalar ma'lum?

Kampalada saylovlardan keyingi tong xotirjam boshlandi / AFP

Shanba kuni saylov komissiyasi raisi, sudya Saymon Byabakama Yoveri Musevenini Ugandaning saylangan prezidenti deb e'lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylash huquqiga ega bo‘lgan 18 million kishidan 57 foizi ovoz berishda qatnashgan.

Avvalroq Byabakama saylovlar tinch o‘tganini ma'lum qilib, o‘z yordamchilari hibsga olingani haqida xabar tarqatgan Bobi Vaynni o‘zi aytayotgan soxtaliklar uchun dalil keltirishga chaqirgandi.

O‘z navbatida Vayn internet saylovlar halol o‘tishiga to‘sqinlik qilish maqsadida qasddan o‘chirib qo‘yilganini bildirgandi. «Internet ishlay boshlashi bilan men barcha soxtaliklar va qoidabuzarliklar aks etgan videoyozuvlarni ko‘rsataman», degan u.

Prezident Musevenining vakili BBC uchun bergan intervyusida Bobi Vayn ugandiyaliklarning ishonchini oqlamagani, u «o‘z navbatini kutishi kerakligi» haqida gapirgandi. U soxtaliklar haqidagi ayblovlarga ham to‘xtalib, Vayndan dalil keltirish so‘ralgani, ammo u zig‘ircha asos topib bera olmaganini aytgan.