Jahon | 08:25 / 22.01.2021
3503
3 daqiqa o‘qiladi

The Times Yaponiya Olimpiadani bekor qilishi mumkinligini ma'lum qildi. Yaponiya hukumati buni rad etdi

Foto: Reuters

Yaponiya hukumati 2021 yilga ko‘chirilgan Tokio Olimpiadasini koronavirus sababli bekor qilishga to‘g‘ri kelishi haqidagi xulosaga keldi. Bu haqda Yaponiya hukumatidagi manbaga tayanib The Times nashri xabar berdi. 

Manbaning ta'kidlashicha, hozirda Yaponiya hukumati o‘z obro‘yini saqlab qolgan holda bu haqida ma'lum qilishning yo‘lini izlamoqda. Olimpiada 23 iyuldan 8 avgustgacha o‘tishi rejalashtirilgandi. 
        
“Hech kim bu haqida birinchi bo‘lib e'lon qilishni xohlamayapti, biroq hamma Olimpiadani o‘tkazish juda qiyin bo‘lishiga qo‘shilmoqda. Bu (Olimpiada) yuz beradi, deb o‘ylamayman”, deb aytgan manba. Uning ta'kidlashicha, bu qarorga koronavirusning yangi to‘lqini ta'sir qilgan.

Ta'kidlanishicha, Olimpiada bekor qilingandan keyin Yaponiya eng yaqin bo‘sh sana – 2032 yilda Olimpiadani o‘tkazishga e'tiborini mujassamlashtiradi.

Tokio Olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasi rahbari Yosiro Mori The Nishinippon Shimbun yapon nashriga bergan intervyusida O‘yinlarni o‘tkazish bo‘yicha qaror 25 martgacha qabul qilinishini aytgan. U XOQni Olimpiadani o‘tkazish borasida hech nima o‘zgarmaganidan, biroq “eng yomon ssenariylar” ham ko‘rib chiqilayotganidan xabardor qilgan. 

O‘z navbatida, Yaponiya hukumati The Times’ning xabarini rad etmoqda. Bu haqda Yaponiya vazirlar mahkamasi bosh kotibi o‘rinbosari Manabu Sakai ma'lum qildi.

“Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deb javob qilgan jurnalistlarning The Times’dagi axborot borasidagi savollariga Sakai.

Tokio Olimpiadasi 2020 yil yozida o‘tishi kerak bo‘lgan, biroq pandemiya sababli 2021 yilga ko‘chirilgandi. XOQ prezidenti Tomas Bax Olimpiada 2021 yilda o‘tkazilishiga ishonishini aytgan. Shu bilan birga, 80 foiz yaponiyaliklar O‘yinlarning umuman bekor qilinishi yoki ko‘chirilishini qo‘llab-quvvatlashmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid