O‘zbekiston | 20:27 / 23.01.2021
33991
7 daqiqa o‘qiladi

«Mafiyani yo‘qotish ustida ishlayapmiz» – Sherzod Shermatov darsliklar tayyorlashdagi muammolar va yangi «milliy o‘quv dasturi» haqida

Kun.uz xalq ta'limi tizimi, bu tizimda davom etayotgan chuqur turg‘unlik va uni isloh qilish borasida Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bilan tahliliy suhbat uyushtirgan edi.

Quyida intervyuning 2-qismi matni bilan tanishishingiz mumkin.

— Bugun ta'lim standartlari mukammal emasligi maktablarda bilim berish darajasini oshirish yo‘lidagi katta muammolardan biri. Bunda ushbu standartlar bolalarning yoshiga doir xususiyatlari, fanlar o‘rtasidagi aloqalar, shuningdek, o‘quvchilar o‘zlashtirishi kerak bo‘lgan ma'lumotlar hajmini hisobga olmagan holda tuzilgani mutaxassislar tomonidan ham ta'kidlanadi.

Bu haqda prezident Mirziyoyev ham parlamentga qilgan murojaatnomasida gapirdi. «Yangi Milliy o‘quv dasturi yaratamiz», dedi u. Xo‘sh, bu milliy dastur qanday bo‘ladi?

— To‘g‘risini aytish kerak, maktab o‘tgan yillar davomida o‘z ishi bilan shug‘ullanmadi. Paxta mavsumida hattoki vazirlik xodimlari ham o‘qituvchilar tepasida turib paxta terishga mas'ul edi. Ijod hech kimni qiziqtirmadi.

Kitoblar ham zerikarli va o‘qishga qiyin qilib ishlanardi. Ha, darsliklar standart bilan qilingan lekin standartning o‘zi nima, u qanday ishlab chiqilgan, degan savol bilan ham hech kim qiziqmagan.

Mening maqsadim o‘tmishga tosh otish emas, lekin muammoni ham aytish kerak.

Mana endi davlat ta'lim standartlari bo‘yicha ijodiy jamoa tuzildi.

Standart nima? Bola maktabning 5, 7, 9, 11-sinflarida nimani bilib chiqishi, qanday tajribalarni olishi kerak? Biz mana shu savollarga javob topsak, milliy o‘quv dasturini ham shu javoblar asosida ishlab chiqamiz.

Hozir butun dunyo maktablarida PISA dasturiga o‘tilyapti.

PISA – turli davlatlarda 15 yoshli o‘quvchilarning savodxonligini (o‘qish, matematika, tabiiy fanlar) hamda bilimlarini amaliyotda qo‘llash qobiliyatini baholovchi dastur.

Ya'ni, maqsad bolaning qandaydir test savollarini yodlab qolishi, formulalarni eslab qolishi emas. Maqsad bolaning fikrlashi, kerakli ma'lumotlarni o‘zlashtirishi. Bu dasturda, shuningdek, bolani tahliliy fikrlashga o‘rgatish ham maqsad qilinadi.

Biz ham maktablarda shu tizimga o‘tishimiz kerak. Lekin bir narsa aniq, birinchi PISA natijamiz juda yomon bo‘ladi.Chunki bu dasturda asosan iqtisodiy boy davlatlar ishtirok etadi. Biz bu dasturga 2022 yilda ishtirok etamiz.

Birinchidan, PISA bizga qolganlardan qanchalik ortda qolib ketganimizni ham ko‘rsatib beradi. Lekin shundan keyin qo‘limizda tahlil bo‘ladi.

Albatta, milliy dastur qabul qilingandan keyin yangi darsliklar ham chiqishi kerak. Biz bu bo‘yicha ham ishlayapmiz. Masalan, bu yilgi informatika darsligini olaylik.

Avvalgi darsliklar foydalanuvchi uchun chiqarilgan bo‘lsa, yangisi yaratuvchilar uchun ishlandi. Bunda o‘quvchiga SMM va LMC nimaligini o‘rgatishga harakat qilamiz. Shuningdek, bu darsliklar orqali o‘quvchilarga 5 sinfdan boshlab dasturlashni ham o‘rgatamiz. Ular maktabdan oddiy, vizual dasturlashni bilgan holda chiqadi.

Biz yangi darsliklarni avvalgidek zerikarli emas, bolalarga qulay, qiziqarli tarzda ishlab chiqaryapmiz.

Ikkinchidan, darsliklarning yonida o‘qituvchilar kitobini ham tayyorladik. Bu kitobda o‘qituvchi bolalarga mavzularni qanday qilib o‘rgatishi kerakligi yozilgan bo‘ladi. Chunki 500 mingdan ortiq o‘qituvchi o‘z-o‘zidan yangiliklarni o‘rganib qololmaydi.

Biz yosh bolalar uchun darsliklar yonida mashq daftarlarini tayyorlab chiqaryapmiz. Bunda u o‘rganganlarini mustahkamlab boraveradi.

Ta'lim sifati dedik, yangi darsliklar misolida bunga yana bir misol keltiraman. Ya'ni, eski darslikda birinchi sinf bolalariga ham mavzular boshida nota qo‘yilgan edi. Xo‘sh, hali birinchi sinf bolasi notani qanday tushunadi? Demak u faqat o‘qituvchi uchun bo‘lgan. Yangi darslikda esa o‘quvchilarga eng sodda uslublarda, avval nota belgilarini chizish, ritmlarni tushuntirish va undan keyin notalar tushuntirilyapti.

Xalq ta'limi vazirligi ta'lim dasturi va darsliklar bo‘yicha nafaqat mahalliy ekspertlar, balki UNICEF, USAID kabi xalqaro tashkilotlar bilan ham ishlayapmiz. Ular ingliz tili va informatikani butun sinflarga qo‘shimcha ham olib kelib beradigan bo‘lyapti.

Shuningdek, rus tili fanlari ham rossiyalik ekspertlar bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqilyapti.

— Siz yangi darsliklar ishlab chiqilishi haqida gapiryapsiz. Shu jarayonda ko‘p yillardan beri tanqid qilib kelinadigan bir muammomiz bor, bu – darsliklar chiqarishdagi monopoliyaning mavjudligi. Eng yomoni shu monopoliya va kimlardir faqat o‘z foydasini o‘ylashi ortidan millionlab o‘quvchilar keraksiz, ortiqcha mavzularni ham o‘qib kelyapti. Ochiq aytganda, bu tizim yillar davomida mafiyalashib ketgan. Aytingchi, vazirlik shu tizimdagi monopoliya va mafiyani yo‘qotish uchun nima qilyapti?

— Mafiyani yo‘qotish ustida ishlayapmiz. Lekin bu ham oson emas.

Masalan, mafiyaga aralashgan qaysidir muallifni darslik chiqaruvchilar safidan olib, o‘rniga boshqa muallifni qo‘shadigan bo‘lsangiz, u yangi darsliklarni tanqid qila boshlaydi. Bo‘lar-bo‘lmas misollar bilan odamlarning orasida norozilik chiqarishga harakat qiladi.

Aynan shu sabab oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab feyk darsliklar ham paydo bo‘lyapti. Bu ishlarning ortida aytganimdek, yangi darsliklarga kirolmay qolgan mualliflar turibdi.

Bu ishlar tizimli ravishda o‘zgarib boraveradi. Masalan, endilikda biz darslik chiqarish uchun nashriyotlar orasida albatta, tender o‘tkazamiz.

Demak, endi nashriyotlar ham kuchayishi kerak. Ular bizga tayyor darslik maketi bilan kelishga harakat qilishi kerak. Maket deganimki, darslikni chiqarishgacha bo‘lgan jarayonning elektron varianti.

Darsliklarga tender bo‘ldi, keyingi qadam uni chop etish uchun bo‘ladi. Avvallari darslikni tayyorlash bilan uni chop qilish bitta bo‘lgan. Oqibatda kitoblar ham sifatsiz chiqqan.

Bizda ilk tenderlardan keyin darsliklar, undagi bo‘yoq, ishlatilgan qog‘oz sifati ham yaxshilandi.

Suhbat davomida siz Sherzod Shermatovning davlat amaldorlarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish bilan korrupsiyani to‘liq yo‘qotib bo‘lmasligi, tik-toker yigitning o‘qituvchidan ko‘proq pul topishiga shaxsiy fikrlari bilan tanishishingiz mumkin.

Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid