Sport | 19:35 / 23.01.2021
15165
5 daqiqa o‘qiladi

«MYu» «Old Trafford»da «Liverpul»ni qabul qiladi, «Milan» «Atalanta»ga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

 Ushbu haftaning dam olish kunlarida ham muxlislarni bir qator qiziqarli uchrashuvlar kutib turibdi. Angliyada muxlislar «Manchester Yunayted» va «Liverpul» o‘rtasidagi navbatdagi uchrashuvga guvoh bo‘lishsa, Italiyada «Milan» - «Atalanta», «Jyenoa» - «Kalyari», Ispaniyada esa «Real»ni navbatdagi sinov kutmoqda.

A Seriya. 19-tur

23 yanvar (shanba)

MILAN - ATALANTA

O‘yin boshlanish vaqti: 22:00

TV-translatsiya: UzReportTV

Ketma-ket uch o‘yinlik yirik hisobli g‘alabali seriyasidan keyin so‘nggi ikki turda «Jyenoa»ni o‘z maydonida, «Udineze»ni esa safarda mag‘lub eta olmagan «Atalanta»ni bu turda «San Siro»ga safar o‘yini kutib turibdi. Chempionat peshqadamiga qarshi bahs Gasperini jamoasi uchun oson o‘tmasligi aniq. «Milan» o‘zini ta'qib etayotgan «Inter»ni o‘ziga yetib olmasligi uchun ham Bergamo klubini mag‘lub etishi talab etiladi. Zlatan Ibrahimovichning qaytishi Pioli jamoasini yanada kuchaytirdi. Ammo safarda hujumkor o‘yin namoyish etadigan «Atalanta»ni mag‘lub etish uchun juda katta kuch sarflanishi kerak bo‘ladi. «San Siro»dagi o‘yinni turning markaziy bahsi sifatida ko‘rsatish mumkin.

 A Seriya. 19-tur

24 yanvar (yakshanba)

JYeNOA - KALYaRI

O‘yin boshlanish vaqti: 19:00

TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

Genuyadagi g‘alaba va «Atalanta» bilan o‘yindagi durang evaziga tobora xavfli zonadan uzoqlashayotgan «Jyenoa» bu turda peshqadamlarga qarshi to‘p surmasa-da, o‘zi uchun 6 ochkolik o‘yinda maydonga tushadi. Ballardini jamoasi turnir jadvalidagi qo‘shnisi «Kalyari»ni qabul qiladi. Shomurodov to‘p surayotgan jamoa 15 ochko bilan 16-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, «Kalyari» 14 ochko bilan 17-o‘rinda bormoqda. Bu bahs ikki jamoa uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Navbatdagi uch ochko klublardan biriga autsayderlar qatoridan uzoqlashish imkoniyatini yaratishi mumkin.

 La Liga. 20-tur

23 yanvar (shanba)

ALAVeS - ReAL

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00

TV-translatsiya: FutbolTV

So‘nggi bir hafta «Real» uchun juda omadsiz o‘tdi. Madrid klubi 15 yanvar kuni Ispaniya Superkubogi yarimfinalida o‘z maydonida «Atletik»ka mag‘lubiyatga (1:2) uchragan bo‘lsa, 5 kun o‘tib Ispaniya kubogi doirasida uchinchi divizion vakili «Alkoyano»ga sensatsion tarzda mag‘lubiyatga (1:2) uchrab, kubokni ham tark etishdi. «Alaves»ga qarshi o‘yin oldidan esa jamoa bosh murabbiyi Zineddin Zidanda koronavirus aniqlandi.

Omadsiz haftadan keyin «qirollik klubi»ning shanba oqshomida «Alaves» bilan bahsda ochko yo‘qotishini oqlab bo‘lmaydi. La Liga turnir jadvalida 37 ochko bilan 2-o‘rinda borayotgan «Real»ni 3-o‘rindagi asosiy raqibi «Barselona» ta'qib etmoqda. O‘z o‘rnida «Alaves» ham qiyin vaziyatda. 17-o‘rinda borayotgan klub yana ochko yo‘qotgan taqdirda autsayderlar safiga tushib qolishi mumkin.

 Angliya kubogi. 1/16 final

24 yanvar (yakshanba)

MANCheSTeR YuNAYTeD – LIVeRPUL

O‘yin boshlanish vaqti: 22:00

TV-translatsiya: Match TV

Angliya Premer-ligasi navbatdagi turi ushbu uik-endda emas, mid-uikda o‘tadi. Zero, dam olish kunlari bizni futbol tarixidagi eng ko‘hna turnirlardan biri Angliya kubogi bahslari kutib turibdi. O‘tgan yakshanba kungi Angliya Premer-ligasidagi o‘zaro o‘yindan keyin Angliya kubogida ham azaliy raqiblar to‘qnashuvi guvohiga aylanamiz. O‘tgan yilgi sport formasini yo‘qotgan «Liverpul», ajoyib sport formaga kirgan «MYu»ga qarshi saf tortadi. Klopp va Sulsher jamoasi o‘tgan haftada «Enfild»da ehtiyotkorona o‘yin ko‘rsatgan va bahsda hisob ochilmagan edi. «Old Trafford»dagi o‘yinda esa gol ko‘rishimiz aniq. Chunki jamoalarning kuchi bu safar ham teng kelgan taqdirda g‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha daqiqalar va penaltilar seriyasi o‘tkaziladi. Aynan ushbu juftlik g‘olibi yakunda Angliya kubogi finaliga yetib borsa ajab emas. Yakshanba oqshomidagi o‘yin haftaning eng shiddatli qarama-qarshiligiga aylansa ajabmas.

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid