Jamiyat | 16:32 / 27.01.2021
11814
4 daqiqa o‘qiladi

Egizaklarning ko‘zlarini saqlab qolaylik – saratonga chalingan go‘daklarning ko‘zlari ko‘rmay qoldi

Andijonlik Mashrabbek Qosimovlar oilasiga og‘ir sinov keldi. Mashrabbekning Hasan-Husan egizak farzandlarining ikkalasida ham asosan bolalarda uchraydigan kamyob ko‘z saratoni - retinoblastoma aniqlangan.

Mashrabbek hozirda o‘zi istiqomat qiladigan Izboskan tumanidagi maktabda o‘qituvchilik qiladi. Endigina 1 yoshga to‘lgan go‘daklar hozirgacha kimyoviy yo‘l 3 bosqichda davolandi. Lekin bu egizaklardan biriga og‘irlik qilmoqda. Oldinda yana bir qancha davolanish kurslari bor.

Hozirga kelib, Husanboyning ikkala ko‘zi, Hasanboyning bitta ko‘zini saraton to‘sib qolishi natijasida ular ko‘rmay qolgan.Oila boshlig‘ining aytishicha, kasallikni butunlay davolash uchun o‘zbekistonlik shifokorlar bolalardagi saratonni ularning ko‘zlari bilangina olib tashlash mumkinligini aytishgan…

«O‘zbekistondagi shifokorlar saratondan butunlay xalos bo‘lish uchun Husanboyning ikkala ko‘zini, Hasanboyning bitta ko‘zini operatsiya orqali olib tashlash kerakligini aytishdi. Lekin, biz volontyorlarning yordami bilan Shveytsariyadan farzandlarimdagi kasallikni ularning ko‘zlarini saqlab qolgan holda davolovchi shifokorni topdik. Lozanna shahridagi ko‘z kasalliklari klinikasi professori Fransis Muniyer ushbu operatsiya uchun farzandlarimning har biriga 60 ming Shveytsariya franki (67 ming AQSh dollari atrofida) kerak bo‘lishini aytdi. Hozir yurtimizdagi va Rossiyadagi ko‘ngillilarning yordamlari bilan 40 ming dollar mablag‘ yig‘ishga muvaffaq bo‘ldik.

Barcha insonlardan farzandlarim uchun Alloh yo‘lida yordam so‘rayman, ikkala bolamning ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolishini xohlamayman,” – deydi farzandlarning otasi.

Hozirda egizaklarni Shveytsariyaga olib borish uchun fevral oyining boshiga viza va biletlar olingan. Bundan tashqari, operatsiyaning murakkabligi tufayli oila Shveytsariyaga bir necha marotaba kelishiga to‘g‘ri keladi. Barcha xarajatlarni qo‘shib hisoblaganda ikki egizakka 140 ming AQSh dollari atrofida mablag‘ zarur, uning 40 ming dollari turli xayriya tashkilotlari yordamida to‘plangan va kasalxonaga hisob raqamiga o‘tkazib berilgan.

Azizlar, shu ikki norasida egizaklarning sog‘ayib ketishlari uchun yordam qilaylik. Biz sababli ikki nafar bolaning ko‘zlari ham biz kabi yorug‘ olamni ko‘rib tursa, qanday yaxshi.

Abu Hurayra roziyallahu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladi:

«Kim bir mo‘minning dunyo g‘amlaridan birini yengillatsa, Alloh taolo uning dunyo va oxirat g‘amlarini yengillatadi. Kim bir mo‘minning qiyinchiligini osonlashtirsa, Alloh taolo o‘sha insonni dunyo va oxiratda mushkulini oson qiladi».

Azizlar, oz yoki ko‘p demasdan, bir mo‘minga, bir oilaga yordam qilaylik, shoyadki Alloh oxiratdagi g‘amlarimizdan birini aritsa…

Mashrabbek Qosimovning egizak farzandlariga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0804 9262 8747 Mashrab Qosimov nomida

Sberbank: 4276 1609 1568 4006 Ira Adamovna nomida

VISA: 4097 8304 2111 5557 Mashrab Qosimov nomida

GoFundMe orqali xayriya qilish uchun havola

Telefon: +998994338832, +998914948832

Farrux Absattarov
Operator: Jamshid Abdiyev

Mavzuga oid