O‘zbekiston | 16:59 / 27.01.2021
12828
4 daqiqa o‘qiladi

Jo Baydenning hokimiyatga kelishi O‘zbekiston – Amerika munosabatlariga qanday ta'sir qiladi? Senat rasmiysi javob berdi

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida AQSh ma'muriyatining yangilanishi O‘zbekiston bilan munosabatlarga qanday ta'sir qilishi to‘g‘risidagi savolga javob qaytardi.

Jo Bayden / Foto: The New York Times

Sodiq Safoyev Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida AQSh va O‘zbekiston munosabatlari haqida mulohazasini bildirdi. Unga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik rivojlanib bormoqda. Jo Baydenning hokimiyatga kelishi esa ikki mamlakat o‘rtasidagi mo‘'tadil munosabatlarga ijobiy ta'sir etishi kutilmoqda, deya senator so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda O‘zbekiston huqumati AQShning yangi ma'muriyati bilan muloqotlar olib bormoqda va o‘zaro hamkorlik davom etadi.

«Bugungi kunda Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan munosabatlarimiz mo‘'tadil rivojlanib bormoqda. Oxirgi 4 yil mobaynida O‘zbekiston – Amerika hamkorligi hamma yo‘nalishlarda strategik sherikchilik darajasiga ko‘tarildi. Bu 2018 yilning may oyida O‘zbekiston prezidentining Vashingtonga tashrifi hamda Oq uyda bo‘lgan uchrashuvlar bilan asoslanadi va ifodalanadi.

Mana shu asosda AQSh bilan ham iqtisodiy-siyosiy, ham xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik munosabatlarimiz kengayib bormoqda va bu O‘zbekistonning manfaatlariga mos keladi.

O‘ylaymanki, AQShning yangi ma'muriyati shundan kelib chiqqan holda belgilangan tendensiyani, ya'ni ikki mamlakat muloqotining kengayishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu bizning qandaydir bashoratimiz emas. Amerika qo‘shma shtatlari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotlarimizdan kelib chiqqan holda ta'kidlashimiz mumkinki, albatta ikki tomonlama munosabatlarimiz yanada rivojlantiriladi.

Bir misol keltirmoqchiman, avvalgi ma'muriyat 60 milliard dollardan ko‘proq aktivga ega bo‘lgan Rivojlanish va moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) O‘zbekiston bilan qo‘shma investitsion fond yaratilishini qo‘llab, mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan edi.

Biz mamnuniyat bilan shuni aytishimiz kerakki, yangi ma'muriyat ham buni davom ettiradi. Bu bartaraf etilmaydi.

Biz o‘ylaymizki, AQShda Markaziy Osiyoni va Markaziy Osiyoda O‘zbekistonning ahamiyatini yaxshi tushunishadi. Umid qilamizki, yangi kelgan ma'muriyat ham O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan har tomonlama muloqotlarni rivojlantiradi», – dedi Sodiq Safoyev.

2020 yil 12 noyabr kuni Sirdaryo viloyatiga safar qilgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum Kun.uz muxbirining ayrim savollariga javob berib, AQShda prezident hokimiyati almashinuvining davlatlar munosabatiga ta'siri haqida fikr bildirgandi.

Uning fikricha, garchi AQShda prezident o‘zgarsa-da,  O‘zbekistonga nisbatan Amerika siyosati deyarli o‘zgarmaydi.

«Ya'ni o‘zgaradi, katta o‘zgarishlar bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Bunday deyishimga sabab shuki, men o‘zim shuncha vaqtdan beri bir necha prezident almashganiga guvoh bo‘ldim. Amerika hukumatida (Davlat departamentida) ishlagan vaqtimda, 90-yillarning oxiridan beri prezident administratsiyasida bir qator o‘zgarishlar ro‘y berdi.

 O‘zbekistonga nisbatan siyosatda katta o‘zgarishlar bo‘lmadi. Men o‘zim 2 nafar demokrat va 2 nafar respublikachilardan bo‘lgan prezidentlar davrida ishlagan bo‘lsam, siyosatda davomiylikni kuzatdik. Shundan kelib chiqib, AQShning O‘zbekistonga va Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati o‘zgaradi deb o‘ylamayman», – degan u.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid