O‘zbekiston | 20:18 / 12.11.2020
11914
6 daqiqa o‘qiladi

Deniyel Rozenblyum: AQShda prezident almashishi O‘zbekistonga nisbatan siyosatda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lmaydi

Qo‘shma Shtatlar elchixonasining o‘zbekistonlik yoshlar uchun mo‘ljallangan loyihalari bir talay. Ulardan biri texnika yo‘nalishida ishlash istagidagi xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan. Bu yo‘nalish texnika, muhandislik va matematika sohalariga ixtisoslashgan.

Bugun, 12 noyabr kuni Sirdaryo viloyatiga safar qilgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum Kun.uz muxbirining ayrim savollariga javob berdi.

Loyihalar haqida to‘xtalar ekan janob Rozenblyum shunday dedi: «Keyingi dasturimiz Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Bu «Ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakat» va «Informatsion texnologiyalar bilan ishlaydigan jamoa» deb ataladi. Birgalikda ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshiramiz. Bundan ko‘zlagan maqsadimiz — Amerika tajribasini va bu sohadagi yutuqlarini O‘zbekistonga olib kelish. Kelgusida bu o‘zining ijobiy natijasini beradi, yoshlar hayotiga ijobiy ta'sir qiladi, deb o‘ylaymiz».

Elchi O‘zbekistonda ingliz tilidan dars beruvchi o‘qituvchilarni malaka oshirish uchun AQShda o‘qitish rejalashtirilganini ham aytib o‘tdi.

— AQShning O‘zbekistonga investitsiya kiritish borasida qiziqishlari qay darajada va aynan qaysi sohalar sizning mamlakatingiz uchun qiziq?

— AQSh kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritishga tobora ko‘proq qiziqish bildirmoqda. Bunga so‘nggi 2–3 yil davomida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar sabab bo‘lgan. To‘g‘risini aytish kerakki, Amerika kompaniyalari bu yerdagi biznes borasida o‘zgacha tasavvurga ega edilar va ayni paytda ular O‘zbekiston bozorini o‘rganishmoqda.

Bundan bir yil avval, 2019 yilning yozida Amerikadan 15ta savdo kompaniyalaridan iborat savdo missiyasi tashrif buyurgandi. Buni tashkil qilishda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi yaqindan yordam bergandi. Ular bu yerda savdo, o‘z mahsulotlarini sotish va korxona yaratish imkoniyatlarini o‘rganish uchun kelishgandi. Ularning aksariyati ilgari O‘zbekistonda umuman bo‘lmagan. Shu missiya natijasida turli sohalarda bir qator shartnomalar imzolangandi.

Umid qilamizki, ularning qiziqishlari ortadi. Asosan turizm, neft va gaz, qishloq xo‘jaligi, agrobiznes sohasiga, bundan tashqari, o‘zlarining mahsulotlarini O‘zbekiston bozorida sotishga qiziqishadi. Xususan, yaqindan Procter&Gamble kompaniyasi bilan uchrashib gaplashgandim. Bilasizki, bu kompaniya dunyo bo‘yicha mahsulotlarini sotishda yetakchi hisoblanadi. Ular ham bu yerda ishini kengaytirmoqchi.

Lekin toki bu islohotlar, investitsion iqlim yaxshilanib, takomillashtirilmas ekan, menimcha hali beri bu kompaniyalar kelishmasa kerak. Chunki ular hamon O‘zbekiston bozorini o‘rganishmoqda. Ushbu islohotlar yanada jadalroq olib borilishi kerak. Muhimi O‘zbekistonda bu jarayon boshlangan.

— Amerikada o‘tkazilgan prezidentlik saylovi natijalari, prezident almashinuvi O‘zbekiston-Amerika munosabatlariga ta'sir ko‘rsatadimi? Bu borada o‘zgarishlar kutiladimi?

— Juda yaxshi savol. Ko‘plab insonlar bu savolning javobiga qiziqishadi. Ya'ni ayni paytda Amerikada o‘tkazilgan saylovlarni ko‘plab odamlar kuzatishdi. Lekin mendan so‘raydigan bo‘lsangiz, javobim shundayki, men O‘zbekistonga nisbatan Amerika siyosati deyarli o‘zgarmaydi deb aytaman. Ya'ni o‘zgaradi, katta o‘zgarishlar bo‘ladi, deb o‘ylamayman.

Bunday deyishimga sabab shuki, men o‘zim shuncha vaqtdan beri bir necha prezident almashganiga guvoh bo‘ldim. Amerika hukumatida (Davlat departamentida) ishlagan vaqtimda, 90-yillarning oxiridan beri prezident administratsiyasida bir qator o‘zgarishlar ro‘y berdi. O‘zbekistonga nisbatan siyosatda katta o‘zgarishlar bo‘lmadi. Men o‘zim 2 nafar demokrat va 2 nafar respublikachilardan bo‘lgan prezidentlar davrida ishlagan bo‘lsam, siyosatda davomiylikni kuzatdik. Shundan kelib chiqib, AQShning O‘zbekistonga va Markaziy Osiyoga nisbatan siyosati o‘zgaradi deb o‘ylamayman.

O‘zbekiston bilan munosabatlarda o‘zgarishlardan ko‘ra davomiylik bo‘ladi, deb aytishimning sabablari bor.

Birinchisi, biz Markaziy Osiyoning barqaror bo‘lishidan manfaatdormiz. Bu hududda zo‘ravonlik va mojarolar bo‘lmasligi tarafdorimiz. Chunki bunday beqarorlik bo‘lsa AQShga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatadi.

Ikkinchi sababi, ushbu mamlakatlar suveren, mustaqil, milliy mustaqilligiga ega bo‘lishini istaymiz. Aynan mana shu sabablar AQShning O‘zbekiston bilan munosabatlarining tamal toshi hisoblanadi. Har holda 90-yillardan buyon ushbu siyosat davom etib kelmoqda va bu yanvar oyida yangi prezident kelgan taqdirda ham shundayligicha qoladi deb o‘ylayman.

— O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda OAVga erkinlik berilgani, matbuot va jurnalistlar muammolarni bemalol yorita olayotganiga kuzatuvchi sifatida shaxsiy fikringiz qanday?

— Gapingizga qo‘shilaman, 4 yil avvalgiga nisbatan bugungi O‘zbekistonda bu sohada erkinlik kattaroq. O‘zbekistonga elchi bo‘lishimdan avval ham ko‘p marta tashrif buyurganman. Tan olish kerak, farq katta. Bosma matbuotda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatilyapti.

Lekin oldinda turgan ishlar juda ko‘p. Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganidek, bu yerda OAVning roli juda muhim. OAVning jamiyatda nazoratchi bo‘lishi juda ham muhim. Ya'ni ijro hokimiyati ustidan, qonunchilik hokimiyati ustidan nazorat qilib, ularning qilayotgan ishiga aniqlik kiritib, holatlarni yoritishlari kerak.

Aytib o‘tganimdek, hali qiladigan ishlar juda ko‘p. Buning uchun rasmiy vakillar tanqidni qabul qilishni o‘rganishlari, jurnalistlar professionalroq bo‘lishlari kerak. Jamiyat bilishi kerak bo‘lgan faktlar bo‘yicha muhim holatlarni yoritib berishga ustomonlik bilan yondashish kerak.

Shuhrat Yunusov suhbatlashdi.

Mavzuga oid