Aripovdan Shodiyevgacha: Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kuzatuv kengashiga yangi a'zolar qabul qilindi
«Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ kuzatuv kengashi a'zolari soni 9 nafardan 11 nafarga oshirildi. Kuzatuv kengashi a'zolari safiga Shuhrat Vafoyev va Muzraf Ikromov qo‘shildi.
Hukumatning 2020 yil 16 dekabrdagi topshirig‘iga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xati bilan «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJ kuzatuv kengashi a'zolari soni 11 nafarga yetkazildi. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi o‘rinbosari Shuhrat Vafoyev hamda Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov kengash a'zoligiga qabul qilish taklifi bildirilgandi.
Joriy yil 26 yanvar kuni o‘tgan aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida qabul qilingan qarorga ko‘ra, kuzatuv kengashi tarkibidagi o‘zgarish tasdiqlangan.
Ayni paytda OKMK aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashi tarkibida bosh vazir Abdulla Aripov, moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Omonulla Nasriddinxo‘jayev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari Bobur Abdunazarov faoliyat yuritadi.
Shuningdek, OKMK ustav kapitalidagi davlat aksiya paketini ishonchli boshqaruvga olgan «SFI Management Group» MChJ shaklidagi xorijiy korxona bosh direktori Ulug‘bek Muhammedov, korxona direktorlari Qahramon Mullajonov, Azamat Shamsiyev, Mels Ahmedov hamda «SFI Management Group» MChJ shaklidagi xorijiy korxona kuzatuv kengashining raisi Qobil Shodiyev ham OKMK AJ kuzatuv kengashi a'zolari hisoblanadi.
«Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, jamiyatning kuzatuv kengashi jamiyat faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi.
Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining qaroriga ko‘ra, jamiyat kuzatuv kengashining a'zolariga ular o‘z vazifalarini bajarib turgan davr uchun haq to‘lanishi va (yoki) kuzatuv kengashining a'zosi vazifalarini bajarish bilan bog‘liq xarajatlarining o‘rni qoplanishi mumkin.
Ma'lumot uchun, «SFI Management Group» MChJ xorijiy korxonasi korxonalarni bozor munosabatlariga moslashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish, xorijiy mutaxassislar va investitsiyalarni jalb qilishda faol ishtirok etish orqali O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan.
Kompaniya qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchisining litsenziyasiga ega va ishonchli boshqaruv shartlari asosida «Olmaliq KMK» AJ, «O‘zmetkombinat» AJ va «O‘zikkilamchiranglimetall»AJ larni boshqaradi.
2017 yil avgust oyida «SFI Management Group» investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan «Paxtakor» FK MChJ ustav fondidagi 80 foiz ulushni sotib olgan. «SFI Management Group» «Paxtakor» FKga besh yil davomida kamida 200 milliard so‘m sarmoya kiritishni rejalashtirgan.
Mavzuga oid
08:50
200 mingdan ortiq fuqaro iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarga ishga yuborilishi mumkin
21:47 / 20.11.2024
OKMKning qariyb 25 foizi 12,2 trillion so‘mga baholanib, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasiga o‘tkazildi
12:08 / 20.11.2024
Abdulla Aripov bosh vazir lavozimiga qayta tasdiqlandi
18:33 / 04.11.2024