Jahon | 23:40 / 29.01.2021
22811
2 daqiqa o‘qiladi

Tayvanning mustaqilligi urushni anglatadi – Xitoy 

Xitoy mudofaa vazirligi Tayvanning mustaqil bo‘lishga urinishi bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi. Vazirlikda ta'kidlanishicha, Tayvanning mustaqilligi “urushni” anglatadi.

Foto: EPA

Xitoy mudofaa vazirligi rasmiy vakili U Tsyanning ta'kidlashicha, Xitoy armiyasi Tayvanni Xitoydan ajratishga har qanday urinishlarni bostirish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. U Tayvanning mustaqilligi “urush”ni anglatishidan ogohlantirdi.

“Biz Tayvanning mustaqilligi tarafdorlarini ogohlantiramiz: olov bilan o‘ynashadiganlar yonib kul bo‘ladi. Eslab qoling, Tayvanning mustaqilligi urushni anglatadi”, deb aytgan Xitoy vakili. 

Ushbu ogohlantirish Pekin harbiy harakatlarni faollashtirib, Tayvanning havo hududida qiruvchi samolyotlarni joylashtirganidan bir necha kun o‘tib yangragan. 

Ushbu harakatlar Tayvan va AQSh o‘rtasidagi yaqin aloqalar ortida yuz bermoqda. Jumladan, AQShning yangi prezidenti Jo Bayden inauguratsiyasi vaqtida Tayvan vakili ham ishtirok etgan. Vashington AQSh Tayvanni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytgani ham Xitoy hukumati tomonidan salbiy qabul qilingan. 

O‘z navbatida, Tayvanning qit'a ishlari bo‘yicha kengashi Xitoyga teran o‘ylab ko‘rishni va orolning o‘z erkinligini himoya qilishda niyati qat'iyligiga bepisand qaramaslikni “maslahat qilgan”. 

Tayvan oroli 1949 yilda general Chan Kay-Shi Xitoy yetakchisi Mao Tszedun tuzumi bilan fuqarolik urushidan keyin o‘z tarafdorlari bilan orolda yashiringandan beri o‘zini boshqarib keladi. Pekin esa Tayvanni o‘z provinsiyasi deb hisoblaydi va aksariyat davlatlar ham orolni Xitoyning ajralmas qismi deb tan oladi. Biroq AQSh hukumati Tayvanni Xitoyning “demokratik qo‘shnisi” deb hisoblaydi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid