10:14 / 29.01.2021
15078

Toshkentda o‘zini hokimlik xodimi deb tanishtirib, fuqarolarni 153 ming dollarga «uxlatgan» shaxs ushlandi

2021 yil 22 yanvar kuni Ichki ishlar vazirligiga fuqaro S.G. ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi.

Foto: IIV.uz

Qayd etilishicha, u o‘zini Uchtepa tumani hokimligida ishlovchi "Abdufattoh" deb tanishtirgan shaxs Sergeli tumanida qurilayotgan arzon va uzoq muddatli kreditga berilayotgan ko‘p qavatli uylardan 2ta xonadon olib berishni va'da qilib, oldindan 2 000 AQSh dollari berishini talab qilayotganini ma'lum qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan, shu kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro A.A. Uchtepa tumanidagi Shofayz ko‘prigi yaqinida ariza muallifi G.S.dan 2 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davomida aniqlanishicha, fuqaro A.A. shu kunga qadar yana 70 nafar fuqaroga Sergeli tumanida qurilayotgan arzon va uzoq muddatli kreditga berilayotgan ko‘p qavatli uylardan olib berishga ishontirib, ulardan jami 153 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritgan.

Jabrlanuvchilar ko‘lami va A.A.ning jinoiy sheriklarini aniqlashga qaratilgan tergov va tezkor qidiruv tadbirlari davom etmoqda.

Top