Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Marsel» himoyachisi Liverpulga reysdan tushib qoldi, Italiyada Jyeko tufayli mojaro. Barbod bo‘lgan olti transfer haqida
Yevropada qishki transferlar doirasining so‘nggi kunida amalga oshishi kutilgan ammo barbod bo‘lgan eng qiziqarli transferlar keltiriladi.
Chaleta-Tsar baribir Liverpulga ucha olmadi
«Liverpul» uchun markaziy himoyachi — transferlar ded-laynida Yevropadagi asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Angliya chempionlari jarohat tufayli Virjiyl van Deyk, Joel Matip, Jo Gomes, shuningdek, so‘nggi vaqtlarda markaziy himoyachiga aylantirilgan tayanch yarimhimoyachisi Fabinoni yo‘qotishgandi. Endilikda Klopp jamoa himoyasida Jordan Hendersonni o‘ynatishga majbur bo‘lmoqda, shu tufayli klub transferlar bozorida katta ish olib borishiga to‘g‘ri keldi.
Yakunda «qizillar» «Shalke»dan 20 yoshli turk Ozan Kabakni va «Preston»dan 25 yoshli Ben Devisni sotib oldi. Ammo bu futbolchilar avvalboshdan «Liverpul» seleksionerlari ro‘yxatida emasdi, jamoaning birinchi raqamli nishoni — «Marsel»ning 24 yoshli futbolchisi Duyye Chaleta-Tsar edi. RMC Sport nashri yakshanba kuni kechqurun tomonlar transfer summasi (28 million dollar) borasida kelishuvga erishgani, xorvatiyalik futbolchining o‘zi ham «Liverpul» bilan og‘zaki shartnoma bo‘yicha kelishib qo‘ygani va aeroportga charter buyurtma qilish uchun borgani haqida xabar tarqatdi. Ammo futbolchi hech qayerga uchib keta olmadi: «Marsel» uning o‘rniga boshqa futbolchi topishga ulgurmadi va muzokaralarni to‘xtatdi.
Shuningdek, «Liverpul» «Bayyer» bilan Edmond Tapsobaning transferi bo‘yicha muzokaralar olib borgan, ammo Leverkuzendagilar 22 yoshli burkinolik uchun 50 million yevro so‘ragan.
Eriksen «Inter»da qoldi

Kristian Eriksen «Inter»dan ketishi haqidagi gaplar dekabrdan buyon to‘xtamagandi, ammo bu gaplar hech qanday transferga sabab bo‘lmadi: daniyalik futbolchi Milanda qoldi. Qolaversa, Eriksen o‘tgan haftada Italiya kubogi chorak finalida «Milan»ga qarshi kechgan o‘yinning ikkinchi bo‘limiga qo‘shib berilgan sakkizinchi daqiqada g‘alaba golini urgandi. «Kristian — juda aqlli yigit. Uning goli hal qiluvchi bo‘lganidan xursandman. Jamoada barcha uni yaxshi ko‘radi, hali ko‘rasiz, u yetakchi bo‘ladi. Qishda «Inter» hech kimni sotib olmaydi va hech kimni sotmaydi», — degandi shu kunlarda «Inter» bosh murabbiyi Antonio Konte RAI Sport uchun bergan intervyusida.
Italiyalik jurnalist Fabritsio Romano «Tottenhem» ushbu sobiq futbolchisini havbek Dele Alli o‘rniga olib kelmoqchi bo‘lgani, ammo klublar kelisha olishmaganini yozdi. «Lester» ham Eriksenning agenti bilan aloqaga chiqqandi.
«Tottenhem» Allini qo‘yib yubormadi

«Inter» Eriksenni qo‘yib yubormaganidan Alli jabr ko‘rdi: «Tottenhem» o‘z yarim himoyachisi ketishiga ruxsat bermadi. Alli sobiq ustozi Maurisio Pochettino oldiga, «PSJ»ga yo‘l olmoqchi edi va klublar ham kelishuv imzolashga yaqin kelishgandi. Ammo «shporlar» xo‘jayini Deniel Levi o‘rniga boshqa futbolchi topilmagani uchun unga javob berishga rozi bo‘lmadi.
Alli «Tottenhem» bosh murabbiyi Joze Mourino bilan ziddiyatga borgan, murabbiy futbolchini 13 yanvardan buyon o‘yinlarga zayavka qilmayapti. So‘nggi kunlarda u ketishga hozirlanib, jamoa mashg‘ulotlarini o‘tkazib yuborgandi.
Isko yana o‘yin amaliyotisiz qoladigan bo‘ldi

«Real» yarimhimoyachisi Isko bu mavsumda deyarli o‘ynamayapti. U barcha turnirlar doirasida jami 14 o‘yin o‘tkazgan, asosan ikkinchi bo‘limda zaxira o‘rindig‘idan o‘yinga qo‘shilgan.
O‘yin amaliyotisiz qolayotgan Isko rahbariyatga murojaat qilib, o‘zini boshqa klubga qo‘yib yuborishni so‘radi.
Ushbu 28 yoshli yarimhimoyachi uchun asosiy da'vogar «Arsenal» bo‘lgandi, ammo londonliklar «Real»dan Martin Edegorni olishdi. Isko Madridda qoldi, u endi terma jamoaga chaqiriq olish va Yevropa chempionatida ishtirok etish imkoniyatidan deyarli mahrum bo‘ldi.
«Barselona»dagilar 20 yoshli himoyachi uchun janjallashdi
«Barselona» «Manchester Siti»dan 20 yoshli Erik Garsiyani transfer qilishni moliyaviy muammolar tufayli kechiktirdi. Katalonlar endi ushbu futbolchini mavsum yakunida erkin agent sifatida tarkibga qo‘shib olishga umid qiladi.
Yosh futbolchining transferi masalasi «Barsa» rahbariyatida ziddiyat keltirib chiqardi — klub prezidenti vazifasini bajaruvchi Karles Tuskets va ushbu lavozimga nomzod bo‘lgan Joan Laporta bu masalada bir to‘xtamga kela olishmadi. Laporta Tusketsni transferni kechiktirgani uchun klub manfaatlariga ishlamaslikda aybladi. O‘z navbatida Tuskets uni tahdid qilishni bas qilishni chaqirdi va Laportaning fikri yakuniy qaror qabul qilishga ta'sir o‘tkazmaganini qayd etdi.
Agentlar «Roma» va «Inter» o‘rtasidagi yirik almashuvni barbod qilishdi
Italiyada katta transfer barbod bo‘ldi: «Inter» va «Roma» Aleksis Sanchesni Edin Jyekoga almashish bo‘yicha kelisha olishmadi. «Inter» bosh direktori Beppe Marotta barchasida agentlarni aybladi. «Ular klub vakillari ishtirokisiz muzokara o‘tkazmoqchi bo‘lib, o‘zlarini juda yomon tutishdi. Yakunda muzokaralar amalda boshlanmasdan tugadi», degan Marotta DAZN uchun bergan intervyusida.
Jyeko «Roma» bosh murabbiyi Paulu Fonseka bilan janjallashib qolgan va mashg‘ulotlardan chetlatilgan. 34 yoshli bosniyalik futbolchiga «Vest Hem», «Everton» va «Fenerbahche» klublari ham da'vogar bo‘lishgandi, ammo bu faqat qiziqishligicha qoldi. La Gazetta Dello Sport xabariga ko‘ra, milanliklar Jyekoga katta miqdorda maosh to‘lashga rozi bo‘lmagani transferni barbod qilgani haqida yozdi.
Mavzuga oid
15:40 / 06.02.2026
Qishdagi asosiy transferlar: «Siti» yana faol, Endrik «baxti»ni topdi, Saudiyada mojarolar
20:12 / 02.02.2026
Qishki transferlarning so‘nggi kunidagi 10 intriga
16:36 / 22.12.2025
Semenyo – qishki transferlardagi asosiy aktiv. U qaysi klubga o‘tadi?
16:10 / 07.02.2025