O‘zbekiston | 14:40 / 03.02.2021
2099
2 daqiqa o‘qiladi

2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi ishlab chiqiladi

2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi ishlab chiqiladi. Bu haqda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 20-bandida alohida vazifa belgilab berilgan.

Joriy yilning 18-27 yanvar kunlari 2021 yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasi umumxalq muhokamasi uchun e'lon qilingandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Muhokamalar jarayonida keng jamoatchilik va ekspertlar tomonidan berilgan bir qator takliflar ham prezident farmonida aks ettirilgan.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo‘lim boshlig‘i Farhod Eshonqulovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, farmon bilan davlat dasturi loyihasining birinchi yo‘nalishiga 20-band sifatida 2030 yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi kiritilgan. Ushbu vazifa jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilingan dastlabki davlat dasturi loyihasida aks ettirilmagan.

Shuningdek, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq yana bir qator takliflar berilgan. Jumladan, Davlat dasturi loyihasining 4-bandida nazarda tutilgan davlat boshqaruvi xodimlari sonini o‘rtacha 15 foizgacha optimallashtirishni amalga oshirishda mehnat qonunchiligiga qat'iy rioya etgan holda, qisqartirishga tushgan xodimlarni egallab turgan lavozimi darajasida ish bilan ta'minlash hamda dastur loyihasining 11-bandida nazarda tutilgan bepul yuridik yordam tizimini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi takliflar berilgan va bu takliflar prezident farmonida aks ettirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid