30 yanvar kuni O‘zbekistonda koronavirusning britancha shtammi ilk marta qayd etildi. Infeksiyaning yangi varianti Dubaydan Toshkentga kelgan 10 yashar qizda aniqlandi.

Yangi shtammni aniqlash va testlar ishlab chiqarish bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi shug‘ullanmoqda. Kun.uz shu mavzudagi savollar bilan innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovga murojaat qildi.

Britaniya variantining xavfliligi – uning tez yuquvchanligida

— Avvalo, bu yangi shtamm emas. COVID-19'ni keltirib chiqaradigan SARS-CoV-2 virusining 4000dan ortiq yangi variantlari bor. Har hafta bitta liniyada ikkita mutatsiya ro‘y beryapti. Evolyutsion biologiya nuqtayi nazaridan aytadigan bo‘lsak, bu – sekin mutatsiyaga uchraydigan virus hisoblanadi. Masalan, grippga nisbatan ancha sekinroq mutatsiyaga uchraydi.

Yangi variantlar orasida eng tanilgani – Britaniya varianti. Bu variant boshqalaridan 17 ta mutatsiyasi va tez tarqashi bilan farq qiladi. B117 variantning xavfliligi – tez yuquvchanligida. U oldingi virusga qaraganda 50 foiz tez yuqyapti va shuning hisobiga o‘limlar soni ham ko‘p.

Bundan tashqari, Janubiy Afrika va Braziliya variantlari ham bor.

Yangi shtammni aniqlashga 5 kun vaqt ketdi. Bu juda uzoq emasmi?

— Dubay–Toshkent reysida kelganlardan 33 kishida test musbat natija ko‘rsatgan va biz ularning qon namunalarini Ilg‘or texnologiyalar markazida tekshirganimizda, orasidan bittasi shubha uyg‘otdi.

Chuqurroq tahlil qilinganda, haqiqatdan ham Britaniya varianti ekani aniqlandi.

Albatta, bu – yangi shtamm. Test to‘plamlarimizda 17ta mutatsiyalarning hammasini aniqlaydigan reagentlar mavjud bo‘lmagan. S oqsilining simptomi bo‘la turib, ammo tahlilda bu oqsil ko‘rinmagani shubha uyg‘otgan. Ya'ni o‘sha kuniyoq, natijasi 2 soatda chiqadigan testdan keyinoq biz bu Britaniya shtammi bo‘lishi mumkinligini tushundik. Lekin aniq shundaymi-yo‘qmi, ayta olmasdik, chunki 17ta mutatsiyani ko‘rganimiz yo‘q.