15:53 / 08.02.2021
3716

Oxirgi 3 yilda O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 1 foizga oshdi

2016–2020 yillarda O‘zbekistonda jami 1 918 211 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi, deya hisob berdi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Timur Mahmudov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekistonda mehnat resurslari soni 18 835 605 nafarni, shulardan ishga joylashishga muhtojlar soni 1 368 576 nafarni (9,3 foizni) tashkil etgan. 2020 yilga kelib esa mehnat resurslari soni 19 142 330 nafarga, ishga joylashishga muhtojlar soni 1 561 062 nafarga (10,5 foizga) yetgan.

Eng ko‘p ish o‘rni 2020 yilda (427 842 ta) tashkil etilgan.

«2016–2020 yillarda 1 175 878 nafar ishsiz fuqarolar haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan. Fuqarolarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etishdagi eng yuqori ko‘rsatkich ham 2020 yilga to‘g‘ri kelgan. Jumladan, pandemiya davrida 521 732 nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etilib, ularga 596 240,5 mln so‘m mablag‘ to‘lab berilgan», – dedi Mahmudov Harakatlar strategiyasining 4 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan forumdagi ma'ruzasida.

Uning qayd etishicha, chet eldagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining manfaatlarini himoyalashga e'tibor ortgan. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining O‘zbekiston hududlaridagi filiallari 2016 yildagi 5tadan hozirgi kelib 14taga yetgan. Shu bilan birga, Janubiy Koreya va Rossiyada 7 ta vakolatxona, 29 ta o‘zbek diasporalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

«Bugungi kunda O‘zbekistonda 217 ta o‘quv markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shulardan 14 tasi – «Ishga marhamat» monomarkazlari, 67 tasi – kasb hunar markazlari hamda 136 tasi mahalla o‘quv markazlari», – deya Mehnat vazirligi rasmiysining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top