Jahon | 20:59 / 09.02.2021
1526
1 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada mamlakatga kirishda karantin tartibini buzganlarga keskin jazo qo‘llaniladi

Mamlakatga kirishda koronavirusga test topshirmaganlik uchun 1000 funt sterling jarima belgilandi.

Britaniya hukumati chegarada karantin tartibini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirmoqchi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok ma'lum qildi.

 «Bu yerga kelishidan 10 kun oldin «qizil ro‘yxat»imizdagi mamlakatlardan birida bo‘lganligini yashirishga uringan har qanday shaxs 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinadi», — dedi u.

 Mamlakatga kirishda koronavirusga test topshirmaganlik uchun 1000 funt sterling jarima belgilandi. Ikkinchi majburiy testni topshirmaganlarga 2000 funt sterling jarima solinadi va majburiy karantin 14 kungacha uzaytiriladi.

Mamlakatga kelgandan so‘ng karantin tartibini qayta buzganlik uchun jarima 10 ming funtni tashkil etadi.

Hozirda Britaniyaning «qizil ro‘yxat»iga 33 mamlakat kiritilgan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatda koronavirus yuqtirish holatlari soni 4 millionga yaqinlashgan, 112 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Улуғбек Акбаров
Tayyorlagan Улуғбек Акбаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid