Jamiyat | 15:00 / 12.02.2021
16120
8 daqiqa o‘qiladi

«Eshikni mahkam ushlang, yo‘qsa, «Damas»dan tushib qolishingiz mumkin...» - Chiroqchidagi shifoxona muammolari

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Eski Anhor tibbiy yordam filiali xodimlari tahririyatimizga murojaat yo‘llashgan edi. Unga ko‘ra, 20 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatayotgan filialning o‘ziga bugungi kunda zudlik bilan yordam kerak.

Kun.uz muxbiri vaziyat bilan tanishish maqsadida Chiroqchi tuman hokimligidan 75 km uzoqlikdagi Eski Anhor tibbiy yordam punktiga bordi.

«Bu punkt hududdagi Ayritom, Obodon va Paxtalisoy mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda, — deydi filialdagi tez tibbiy yordam bo‘limi boshlig‘i Toshturdi Fozilov. — 1987 yilda shifoxona sifatida qurilgan ushbu maskan 2015 yilda Ko‘kdala 2-sonli shifoxona filialiga aylantirilgan».

Toshturdi akaning aytishicha, ayni paytda filialda 4 ta bo‘lim mavjud: Tez yordam, tug‘ruq, ambulator davolash va kattalar-bolalar terapiya bo‘limlari. U rahbarlik qilayotgan tez tibbiy yordam bo‘limida 1 nafar shifokor, 9 nafar feldsher, 5 nafar haydovchi, 11 nafar dori tayyorlovchi, 13 nafar farrosh, 8 nafar dispetcher, 4 nafar navbatchi shifokor faoliyat yuritmoqda. 1 ta «Damas» rusumli avtomashina mavjud.

Ma'lum bo‘lishicha, filialda faqatgina shifokor Lola Ochilova boshchiligidagi tug‘ruq bo‘limidagina bemor qabul qilish imkoniyati mavjud. Boshqa bo‘limlar talabga javob bermaydi — ta'mirtalab holda. Ambulator davolash bo‘limi xodimlari soat 15:00 dan keyin ishda yo‘q bo‘lganligi tufayli ularni ko‘rish imkoniyati bo‘lmadi. Kattalar va bolalar bo‘limi esa shoshilinch yordamga muhtoj ahvolda.

«Men nafaqadaman, — deydi Bahri Bekmurodov. — 23 ming atrofidagi aholiga shu filial xizmat ko‘rsatmoqda. Ayritom qishlog‘i bilan filial orasidan tezyurar poyezd o‘tganligi sababli bizning qishloqqa tez yordam mashinasi ko‘pincha kech boradi. Dorixona esa umuman yo‘q».

«Filialda bitta avtomashina bo‘lib, xizmat qiladigan hududimiz juda katta. Filial 30x25 kilometr diametr maydonda 2008 yilda ajratilgan «Damas» bilan xizmat ko‘rsatmoqdamiz, — deydi haydovchi Odir Ortiqov. — Kamiga poyezd o‘tayotganida 40 daqiqa atrofida yo‘l berkilib qoladi. Mashina eskiligi sababli yo‘lda buzilishi ham ko‘p. Pul deyarli ajratilmayapti. O‘z hisobimizdan ta'mirlayapmiz. 10 martalab murojaat qilganimizga qaramay, natija yo‘q. Holbuki, qariyb Qarshi shahri bilan teng maydonga xizmat qilyapmiz».

Haydovchining so‘zlaridan keyin avtomashinani ko‘rdik. Mashinaning kuzov qismi chirigan, eshiklari deyarli yopilmas ekan. Sayt muxbiri eshikni yopishga urinib, yopolmaganidan so‘ng haydovchi va shifokorlar hazil tariqasida «Hurmatli bemor, eshikni ushlab oling, yo‘qsa tushib qolasiz, deymiz-da», deyishdi va eshikni o‘zlari yopdi. Bu aslida kulgu uchun aytilgan bo‘lsa-da, aslida eshikning yopilishi qiyinligi  haqiqatga yaqinligini anglatib turibdi. Zanglab, chirib ketganligini ko‘rib, minib ko‘rishga rosti qo‘rqdik.

«Tibbiy davolashga muhtoj insonlarga birinchi yordam ko‘rsatolamiz, xolos, — deydi filial navbatchi feldsheri Maqsud Uzoqov. — Keyin 70 kilometrdan ortiq bo‘lgan masofaga, Chiroqchi tuman shifoxonasiga olib boramiz. Ko‘kdaladagi 2-sonli shifoxonada ham bemorlarni qabul qilisholmaydi. Bemorning hayotini saqlab qolish uchun tuman markaziga olib boramiz. Bir marta borib kelsak, qanchalab bemorlar qarovsiz qolib ketadi. Yana mashina ajratilsa, mutaxassislar yetarli. Yaqinda Ayritomda bir murojaatga borgunimizcha bemor vafot etdi. Ulgurmayotganimiz uchun aholining yonida qanchalar xijolat bo‘lamiz. Rost-da, ular 800 ming oylikka ishlayotganimizni, e'tibordan chetda qolgan hududdagi filialda ishlashimizni qayerdan bilishsin?!»

Filialdan Chiroqchi markaziga qadar yo‘l ravon bo‘lganida 87 daqiqa vaqt ketadi. Yo‘lning nosozligi, «tabiiy stoper»larning haddan ortiq ko‘pligi inobatga olinsa, kamida 3,5–4 soatlik yo‘l ekan. Agar o‘sha vaqti poyezd o‘tib qolsa, yana 40-45 daqiqa kechikadi.

«Biz ushbu filialda 9 nafar feldsher va 4 nafar navbatchi shifokor 4,5 stavka ish o‘rnida ishlayapmiz, — deydi navbatchi feldsher Xoliyor Ochilov. — 13 nafar farrosh 5 stavka ishni bo‘lib ishlashadi. Bizda mutaxassis yetarli, faqat davolash uchun sharoit yo‘q».

«Filial qurilganidan buyon biror marta ta'mirlanmagan, — deydi tez yordam bo‘limi rahbari Toshturdi Fozilov. — Umuman qayta ta'mirlash uchun pul ajratilmagan».

«Biz hattoki maxsus kiyimlar ham olganimiz yo‘q, — deydi navbatchi feldsher Sherbek Norbekov. — Bizning filial necha yildirki, e'tibordan chetda. Ta'mirlash, mashina va jihozlar ajratishlarini so‘rab ko‘p marta murojaat qilganmiz, lekin hech ham natija bo‘lgani yo‘q. Hatto jurnalistlar ham ko‘p bora bu yerdagi ahvolni ko‘rsatishganiga qaramay, ahvol o‘sha-o‘sha! Faqat yangi ishchi olishadi, xolos».

Filial pechlar orqali qizitilishiga guvoh bo‘lganimiz uchun ko‘mir zaxirasi bilan ham qiziqdik. Xo‘jalik bekasi ko‘mirxona eshigini ochganida 3 qop ko‘mir qolganiga guvoh bo‘ldik.

«Ko‘mirimiz deyarli tugadi, — deydi xo‘jalik bekasi Raisa Xo‘jamiyorova. — Yana buyurtma berganmiz».

«Ayritom» MFYda 6 mingdan ortiq aholi yashaydi, — deydi MFY raisi Said Qorayev telefondagi suhbatda. — Bizning tibbiyot filiali talab darajasida emas. Dorixona yo‘q. Tuman markazi uzoq. Necha martalab murojaat qilishimizga qaramay, ushbu maskanga e'tibor qilinmayapti. Bizning qishloqdagi punkt umuman qarovsiz».

«Ushbu filialga mablag‘ ajratilgan yoki yo‘qligini bilmayman, — deydi Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi rahbari Odil Shaymanov. — Rahbar bo‘lganimga hali ko‘p bo‘lmadi. Bosh hisobchi ham o‘zgargan. Avtomobilni viloyat boshqarmasi ajratadi. Bizda vakolat yo‘q».

Konstitutsiyamizga ko‘ra, har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. 20 ming aholi manfaatlarini himoya qilish uchun mablag‘ ajratilishiga umid qilamiz. Chiroqchi tumani markazidan 75-80 kilometr uzoqlikdagi Ayritom, Obodon va Paxtalisoy mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisining taqdiriga mutasaddilar bee'tibor bo‘lmasligiga ishonamiz.

P.S. Shifoxonaning holatini tasvirga olib, jamoa bilan suhbatlashib, kechga yaqin qaytdik. Qaytganimizda kayfiyati tushkun holda Sherbek Norbekov qo‘ng‘iroq qildi. Kechki soat 7:00 da o‘zini IIB uchastka noziri Ahror Do‘stqulov deb tanishtirgan kishi undan rahbarlari murojaat yuzasidan so‘rashayotganini, tezda borishi kerakligini aytayotganini xabar qildi.

Masalaning qiziq tomoni, Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova bilan bog‘langanimizda Chiroqchi tuman IIB rahbariyati chaqirmaganini aniqlashtirib berdi. Qiziq, ichki ishlar organlari murojaat qolib, murojaatchi bilan shug‘ullanishlarini qachon bas qilishadi?

O‘roljon Kamolov, Kun.uz muxbiri.
Fotolar muallifi Maqsud Muzaffarov.

Mavzuga oid