Yusufbekning «Osmondagi bolalar» loyihasiga bergan intervyusida qanday qilib Qatardagi nufuzli universitetga 300 ming dollar grant yutib olgani, xorij oliygohlaridagi ta'lim, maqsadga erishishning muhim omillari xususida so‘z boradi.

«Ko‘lmakda turib okean haqida o‘ylashning iloji yo‘q»

Oliy ta'limni xorijda olishni istaganimning sabablari ko‘p. Eng asosiy sababini aytishim mumkin. Litseyda o‘qib yurganimda fizika o‘qituvchim bilan ko‘p suhbatlashardik. «Dunyoda nima bo‘layotgani haqida hujjatli film, video ko‘rishingiz mumkin. Lekin o‘qish boshqa, shuni ko‘z bilan ko‘rish, amalda qilish boshqa. Biz ko‘lmakchadamiz, shu ko‘lmakchada turib, okean haqida suhbatlashyapmiz. Ammo ko‘lmakchadan chiqib, okeanga o‘tmas ekansiz, okean haqida o‘ylashning iloji yo‘q», derdi.

Mendagi maqsad shunchaki chet davlatda o‘qish emas, balki eng kuchli universitetga kirish bo‘lgan. Litseyda ikkinchi bosqichda o‘qib yurganimda Massachusets texnologiya instituti (Massachusets Institute of Technology – MIT) dunyo bo‘yicha birinchi o‘rinda turardi. Fizikani ko‘p o‘qirdim, shu fandan olimpiadalarga qatnashardim. Shuning uchun sohamdagi eng zo‘r oliygoh qaysiligiga qiziqqanman. MIT nafaqat texnologiyalar bo‘yicha, balki umumiy reytingda ham yetakchi o‘rinlarda turar ekan.

Birinchi yili o‘qishga kirish uchun MIT’ga hujjat topshirganimda yiqilganman. Ballarim past chiqqan. Ikkinchi yili Carnegie Mellon’ga grant asosida kirganman. To‘g‘ri, bu universitet texnologiyalar borasida birinchi o‘rinda emas, lekin IOS bo‘yicha yetakchi o‘rinda, men tanlagan biznes sohasida esa dunyo bo‘yicha oltinchi o‘rinda turadi. Yulduzni ko‘zladim, lekin yulduzdan ozgina pastrog‘ini zabt eta oldim, deb o‘ylayman.

«Ilm olish va universitetda o‘qishning farqi bor»

Yusufbek Nasriddinov

Ilm olish uchun universitetda o‘qish kerak, lekin oliygoh bu boradagi eng muhim omil emas. Universitet shunchaki makon, sizga ko‘plab imkoniyatlar beruvchi vosita. Diplom masalasiga kelsak, men diplomni qayerga ishlatish mumkin deganda, biznes ochganimda shaxsiy kabinetimda ramkaga ilib qo‘yishim mumkin xolos, deb javob beraman. Ammo mana shu diplomga erishishga ketadigan vaqt – eng muhim davr. Bu davrda biz ilm olamiz, do‘stlar, tajribalar orttiramiz, ko‘plab qiziqarli ishlarni amalga oshiramiz.