18:20 / 16.02.2021
14873

Bulung‘urda neolit davriga oid suratli qoyatoshlar qurilish uchun ishlatilyapti

Yaqinda Bulung‘ur tumanidagi Botbot qishlog‘ida maktab o‘quvchilarining qoyatoshlarda qadimiy tasvirlarni topgani haqida xabar berildi. Aytilishicha, ushbu tasvirlar bir necha ming yillar avval mazkur qoyatoshlarga tushirilgan.

Kun.uz hali tadqiq qilinmagan hududda bo‘lib, qoyatoshlarda aks etgan hayvonlar va boshqa anglash qiyin bo‘lgan suratlarni tasvirga oldi.

Bizni Jomboy tumanidagi 51-umumta'lim maktabida tarix fanidan dars berib kelayotgan Muhriddinxo‘ja Xolsaidov hududga boshlab bordi. O‘qituvchi bevosita arxeologik topilmalarga ham qiziqqani bois, Bulung‘urda maktab o‘quvchisi tomonidan qoyatoshlarda noodatiy tasvirlar topilganiga e'tibor qaratganini aytmoqda.

Tasvir tushirilgan qoyatoshlar aholi yashash punktidan 6–7 kilometr ichkarida Bog‘bon mahallasining Botbot qishlog‘ida joylashganiga guvoh bo‘ldik. Hududga odamlar juda kam borisharkan. Qir-yalangliklarda cho‘ponlarnigina uchratishingiz mumkin. Qoyatoshlardagi tasvirlarga esa hamma ham sinchiklab e'tibor qilmagani uchunmi, shu kungacha bu haqda kimdir ma'lumotga ega bo‘lmagani aytilmoqda.

Bulung‘ur tumanidagi 19-umumta'lim maktabi o‘quvchisi ham tasvirlarni tasodifan payqab qolganini bildirdi. Kitoblardagi tasvirlarni eslatib yuborgan bu suratlar uni bu haqda boshqalarga ham ma'lum qilishga undaganini aytmoqda.

«Qoyatoshlardagi tasvirlarda shoxdor tog‘ echkilari suratini ham ko‘rdim. Bunday hayvonlar hozirgi kunda bizning hududlarda uchramaydi. Qolaversa, bu joyda chashmaning borligi ham e'tiborimni tortdi. To‘rt faslda ham bu tog‘ tizmalarida suv bo‘ladi. Aynan shu jihat ham ushbu manzil qadimiy odamlar makoni bo‘lganiga ishora qila oladi. Chunki azaldan hududda yashash uchun sharoit bo‘lgan. Shuningdek, dastlabki qurollarni yasash uchun qulay bo‘lgan toshlar ham ko‘p uchradi bu yerda. Shu kabi xulosalarga asoslanib, Samarqand davlat universiteti arxeolog olimlariga xabar berdik. Ular tezlik bilan yetib kelishdi va bu tasvirlar kecha yoki bugun paydo bo‘lmaganini, kamida yetti-sakkiz ming yillik tarixga ega ekanligini tasdiqlashdi», — deydi Jomboy tumanidagi 51-umumta'lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi Muhriddinxo‘ja Xolsaidov.

O‘qituvchi qoyatoshlarning hozirgi kunda shunchaki qurilish materiali sifatida olib ketilayotganidan tashvish bildirdi. Chunki bu toshlarning har biri tarixning bir sahifasi ekani, ko‘plab osori-atiqalarning yo‘q bo‘lib ketish xavfi borligini ma'lum qildi.

Biz mazkur qoyatoshlardagi suratlarni kelib o‘rgangan Samarqand davlat universiteti olimlari bilan bog‘landik. SamDU dotsenti Odil Ergashev ham tasvirlar haqiqatda qadimiy ekanligini bildirdi. Ayni vaqtda ushbu manzildagi toshlardan namuna va suratlar olib ketilgani va izlanishlar olib borilayotganini ma'lum qildi. Ularning qo‘lida hududdan topilgan tosh qurollarining qoldiqlari saqlanayotgani, topilgan yangi manzil bir necha o‘n yillik tadqiqotlarga asos bo‘lishini bildirdi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Yurtimiz bunday qadim manzilgohlarga boy. Harqalay hozircha ularni to‘liq muhofazaga olish, o‘rganishlar bo‘yicha maqtana olmaymiz. Chunki bu kabi manzillarning ko‘pi ko‘z oldimizda yo‘qolib boryapti. Xususan, bundan roppa-rosa bir yil avval ham Kun.uz’da Payariq tumanining Alamli qishlog‘idagi qadimiy manzilgoh haqida xabar berilgandi. Afsuski, o‘sha hududda ham qoyatoshlarning oddiy qurilish materiali sifatida ishlatilayotganiga guvoh bo‘lgandik.

Bizningcha, ayni vaqtda biz bunday obektlarimizni to‘liq tadqiq qila olmas ekanmiz, hech bo‘lmaganda muhofazaga olishning imkoniyatini qilishimiz kerak. Bular boringki, kelajak ilmidir, kelgusida o‘rganilar. Shunday ekan, ilm manbaini isrof qilishning ham uvoli bo‘ladi.  

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi ­­– Jahongir ALIBOYeV.

Mavzuga oid
Top