O‘zbekiston | 09:16 / 18.02.2021
2641
4 daqiqa o‘qiladi

Gazdan turmushda foydalanishda sodir bo‘ladigan baxsiz hodisalarni maxsus komissiya tekshiradi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Gazdan turmushda foydalanishda sodir bo‘ladigan baxsiz hodisalarni tekshirish hamda hisobga olish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Norma’ning yozishicha, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning hududiy davlat yong‘in nazorati organlari har yilgi isitish mavsumi boshlanishidan avval jismoniy shaxslar turar joylaridagi dudburon va shamollatish kanallari texnik holatini taftishdan o‘tkazishi lozim.

Baxsiz hodisa yuz berganda Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘linmalariga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga (ichki ishlar va prokuratura organlariga), shuningdek «Hududgazta'minot» AJning hududiy gaz ta'minoti tashkilotlariga va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga zudlik bilan xabar berish lozim.

Bunda baxsiz hodisa oqibatida:

  • 3 nafargacha shaxslar hayotiga yoki sog‘lig‘iga ziyon yetgan yoxud halok bo‘lgan taqdirda, tuman (shahar) hokimi qaroriga asosan uning ushbu sohaga mutasaddilik qiladigan o‘rinbosari rahbarligida;
  • 7 nafargacha shaxslar hayotiga yoki sog‘lig‘iga ziyon yetgan yoxud halok bo‘lgan taqdirda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi qarori asosida uning ushbu sohaga mutasaddilik qiladigan o‘rinbosari rahbarligida;
  • 8 nafar yoki undan ortiq shaxslarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga ziyon yetgan yoxud halok bo‘lgan taqdirda, Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida tegishli Bosh vazir o‘rinbosari yoki Bosh vazir maslahatchisi rahbarligida tuziladigan komissiya tomonidan buning sabablari tekshiriladi.

Gazdan turmushda foydalanishda sodir bo‘ladigan baxsiz hodisalarni tekshirish hamda hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomda quyidagilar belgilangan:

  • baxsiz hodisa sabablarini tekshirish, tekshirish komissiyasini tuzish va tekshirish natijalarini rasmiylashtirish tartibi;
  • baxsiz hodisani tekshirish materiallarini tuzish va saqlash tartibi;
  • baxsiz hodisalarni hisobga olish tartibi.
  • Baxsiz hodisa sabablarini tekshirish bo‘yicha tuziladigan komissiyaning tarkibiga quyidagi vazirliklar va idoralarning vakillari kiritiladi:
  • FVV (hududiy bo‘linmalari);
  • Energetika vazirligi;
  • «Hududgazta'minot» AJ (hududiy gaz ta'minoti tashkilotlari);
  • Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi (hududiy bo‘linmalari);
  • Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (hududiy bo‘linmalari), baxsiz hodisa ko‘p kvartirali uylarda sodir bo‘lganda;
  • Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (hududiy bo‘linmalari), baxsiz hodisa tabiiy va suyultirilgan gaz yoki neft mahsulotlaridan foydalanishda sodir bo‘lganda;
  • Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi (hududiy bo‘linmalari), baxsiz hodisa qattiq yoqilg‘i turlaridan (ko‘mir va ko‘mir mahsulotlaridan) foydalanishda sodir bo‘lganda.

Komissiya tomonidan amalga oshirilgan tekshirish natijalari bo‘yicha 15 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatda komissiya tomonidan tekshirish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.

Baxsiz hodisalarni hisobga olish Energetika vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Turar joylarda, shu jumladan ko‘p kvartirali uylarda yong‘in sodir bo‘lgan holatlarda tekshiruv FVV tomonidan o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid