O‘zbekiston | 10:04 / 18.02.2021
2052
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkilotining yangi bosh direktoriga tabrik yo‘lladi

Prezident tabrik maktubida JSTga a'zo bo‘lish masalasida yaqindan hamkorlikni davom ettirish muhim ekanini alohida ta'kidladi. Xo‘sh, JST qanday tashkilot va unga a'zolik O‘zbekistonga qanday ustunliklar beradi?

Foto: Getty Images

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Ivealaga mas'uliyatli lavozimga tayinlangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

O‘zbekiston prezidenti o‘z maktubida yangi bosh direktor rahbarligida ushbu tashkilotning o‘rni va nufuzini oshirish borasidagi samarali islohotlar amalga oshirilishi hamda global inqirozni bartaraf etish va xalqaro savdo munosabatlari tizimini rivojlantirish bo‘yicha ta'sirchan choralar ko‘rilishiga ishonch bildirdi.

Prezident JSTga a'zo bo‘lish masalasida yaqindan hamkorlikni davom ettirish muhim ekanini alohida ta'kidladi.

Ma'lumot uchun, nigeriyalik 66 yoshli Ngozi Okonjo-Iveala Jahon savdo tashkilotining bosh direktori lavozimida faoliyat yurita boshlagan birinchi ayol va Afrika qit'asining birinchi vakili bo‘ldi. U maxsus umumiy yig‘ilishda konsensus asosida saylandi va joriy yilning 1 martdan o‘z lavozimiga kirishadi.

JSTga a'zo bo‘lish jarayoni har bir murojaat etuvchi mamlakat uchun alohida o‘rganib chiqiladi va a'zo bo‘lish shartlari mamlakatning iqtisodiy rivojlanish bosqichiga va amaldagi savdo rejimiga bog‘liq. Jarayon o‘rtacha besh yil davom etishi, ammo agar mamlakat ushbu jarayon talablariga to‘la javob bermasa yoki siyosiy muammolar xalaqit beradigan bo‘lsa, u uzoqroq davom etishi mumkinligi ko‘zda tutilgan. Tashkilotga a'zo bo‘lish uchun eng qisqa muddatli muzokaralar Qirg‘iziston bilan amalga oshirilgan bo‘lsa, eng uzoq muzokaralar Rossiya bilan amalga oshirilgan, ya'ni Rossiya 1993 yilda GATT (Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh kelishuv)ga a'zolik uchun ariza topshirgan bo‘lsa, 2012 yilda qabul qilingan.

O‘zbekiston tashkilotga a'zo bo‘lish uchun 1994 yil 21 dekabrda ariza topshirgan va ishchi guruh tuzilgan, lekin 2005 yilga kelib ushbu muzokaralar to‘xtab qolgan. Shunday bo‘lsa-da, 2019 yil boshiga kelib, ushbu ishchi guruh hukumat tomonidan jonlantirilgan. 2020 yil 7 iyulda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhning yig‘ilishlari qayta tiklandi.

Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 28 may kuni «Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha idoralararo komissiya to‘g‘risida»gi nizomni tasdiqlash haqida qaror qabul qilgan.

Ma'lumot uchun, Jahon Savdo Tashkiloti (JST) - xalqaro savdoni liberallashtirish, savdo va siyosiy munosabatlarni tartibga solish bilan shug‘ullanadigan hukumatlararo tashkilot. Jahon savdo tashkiloti 1995 yil 1 yanvarda imzolangan kelishuv asosida faoliyat ko‘rsatadi. Bu dunyodagi eng yirik xalqaro iqtisodiy tashkilotdir. JST 1947 yilda tuzilgan xalqaro bitim — GATT’ning davomchisi hisoblanadi. Xalqaro savdoda tashkilotga a'zo va ishtirokchi mamlakatlar uchun majburiy bo‘lgan tamoyillar va qoidalar belgilangan xukumatlararo ko‘p tomonlama shartnomalar asosida faoliyat olib boradi. Bugungi kunda tashkilotga 164 davlat a'zo hisoblanadi.

JSTning asosiy vazifasi global iqtisodiyotni kuzatish orqali xalqaro savdoning izchilligi va shaffofligini ta'minlashdir. Shuningdek, tashkilotning yana bir ustuvor yo‘nalishi rivojlanayotgan, kam rivojlangan va kam daromadli mamlakatlar bilan hamkorlik qilish orqali JSTning qoida va intizomlariga moslashishga yordam berishdir.

Bugungi kunda JSTning asosiy 5ta tamoyili mavjud.

1. Kamsitmaslik. Bu tamoyil eng maqbul millat tushunchasiga qarama-qarshi qo‘yiladi, ya'ni tashkilot a'zosi qolgan barcha a'zo davlatlarga savdo-sotiqda bir xil shart-sharoit yaratishi kerak. Shuningdek, import qilinadigan tavarlarga mahalliy ishlab chiqariladigan mahsulotlar bilan bir xil munosabatda bo‘lish talab etilgan.

2. O‘zaro do‘stlik. Bunda asosan davlatlar uchun tashqi bozorlarga kirish uchun imkoniyatlarni oshirish va o‘zaro munosabatlarni yaxshilashga e'tibor qaratilishi belgilangan.

3. Yuklangan va amalga oshirsa bo‘ladigan majburiyatlar. Ko‘p tomonlama savdo muzokaralarida va tashkilotga qo‘shilishda qabul qilingan tarif majburiyatlariga davlatlarning rioya qilishi lozimligi. Bunda a'zo davlat o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni savdo sheriklari bilan muzokaralar olib borilgandan keyingina o‘zgartirishi mumkin.

4. Shaffoflik. Tashkilotga a'zo mamlakatlar o‘zlarining savdo qoidalari haqida doimiy ma'lumotlar berishi, savdoga ta'sir o‘tkazadigan ma'muriy qarorlarni ko‘rib chiqishga imkon beradigan muassasalarni saqlab turishlari, ma'lumot olish maqsadida boshqa a'zo davlatlar tomonidan yuborilgan so‘rovlarga javob berishlari belgilangan.

5. Xavfsizlik. Muayyan sharoitlarda davlatlar savdoni cheklash imkoniyatiga ega. JST shartnomasi a'zolariga nafaqat atrof-muhitni, balki aholi salomatligi, hayvonlar va o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha majburiyatlar yuklaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid