O‘zbekiston | 11:01 / 19.02.2021
32483
3 daqiqa o‘qiladi

XTV: «Qashqadaryoda o‘qituvchiga tarsaki tushirib, uni haqorat qilish holati bo‘yicha shikoyat kiritiladi»

Kecha, 18 fevral kuni, ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryodagi maktablardan birida o‘qituvchi o‘quvchining buvisi tomonidan kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilinib, tarsaki tushirganlik holati aks etgan video tarqaldi.

Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, hodisa 2020 yilning 15 fevral kuni Kitob tumani xalq ta'lim bo‘limiga qarashli 85–umumta'lim maktabida yuz bergan.

Unga ko‘ra, maktabda fan amaliyoti o‘tab, 5-sinfda dars mashg‘ulotlari olib borayotgan Qarshi davlat universitetining tarix fakulteti 4–kurs talabasi Bobonazar Xurramov o‘quvchiga tartibsizlikka yo‘l qo‘ygani, uy vazifasini bajarmagani bois tanbeh bergan.

«Bu holatda o‘qituvchining sha'ni va qadr-qimmatiga putur yetkazgani uchun o‘quvchining buvisiga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan ma'muriy ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida ichki ishlar organiga ariza kiritilayotganini ma'lum qilamiz.

Hurmatli ota-onalar! Sizlar tomondan o‘qituvchilarga qilinayotgan har qanday nojoiz munosabat bolaning ongiga salbiy ta'sir qilib, unda o‘qituvchi va maktabga nisbatan hurmatsizlik hissini yanada avj oldiradi. Farzandlaringizga maktab muqaddas dargoh, o‘qituvchi esa hurmatli inson ekanligini uqtirib boring, aks holda keyingi pushaymon o‘zingizga dushman bo‘lishi mumkin!

Hurmatli o‘qituvchilar! «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunning 45-moddasiga asosan sizning huquqlaringiz, sha'ningiz, qadr-qimmatingiz va ishchanlik obro‘yingiz davlat himoyasida. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 197(5)-moddasiga ko‘ra hech kim sizning xizmat vazifalaringizni bajarishiga to‘sqinlik qilishga haqli emas. Shunday huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda siz to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga murojaat qilish huquqiga egasiz. «Ta'lim to‘g‘risida»gi qonunga binoan O‘zbekistonda ta'limning ustuvorligi ta'minlangan. Sizga bu borada huquqiy maslahat zarur bo‘lgan taqdirda «Ustoz ovozi» virtual inspektoriga yoxud hududingizdagi vazirning Nazorat–huquqiy xizmatiga murojaat qilishingiz mumkin. Sha'ningiz va qadr-qimmatingiz poymol bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang!», – deyiladi ma'lumotda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid